Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Sattorov

Kim neni izlasa, topgay begumon...

Bolalaringizni saraton xastaligidan himoya qiling!

Bolalaringizni saraton xastaligidan himoya qiling!

Foto: «Inspired Taste»

Fransuz adibi Onore de Balzakning «Sag‘ri teri tilsimi» asarini o‘qigan bo‘lsangiz kerak. Asar qahramoni o‘z umrining timsoli bo‘lgan sag‘ri terisini qo‘lga kiritgach, orzulariga erisha boshlaydi. Bu orzular amalga oshgani sayin teri, ya’ni uning hayoti ham qisqarib boradi. Garchi, umri qisqarib borayotganini bilib tursa ham, qahramon xohishlarini amalga oshirishdan to‘xtamaydi.

Bugungi to‘kin-sochin zamonda insonlar tabiiy mahsulotlardan ko‘ra soxta mahsulot va ta’mlarga o‘ch bo‘lib qoldi. Xususan, gazlangan ichimliklarning yoki kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilgan mahsulotlarning hayot uchun xavfli ekanini bilsak-da, ularni iste’mol qilishdan o‘zimizni tiya olmaymiz. Ya’ni, hayotga qasd qilishga teng bo‘lsa ham, istak va xohishlardan tiyilish qiyin bo‘lib qoldi.

2017 yilning may oyida Yevropa oziq-ovqat standartlari va xavfsizligi tashkiloti bugungi kunda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda keng foydalanilayotgan palma yog‘i tarkibida kanserogen moddalar aniqlanganini ma’lum qildi. Ya’ni qandolat, xususan shokolad tayyorlashda keng foydalanilayotgan palma yog‘i 200 darajadan yuqori issiqlikda qizdirilganda undan glitsidil moddasiga ega yog‘li efir kislotasi ajralib chiqar ekan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, bu kislota genotoksik yoki kanserogen modda bo‘lib, saraton xastaligini keltirib chiqaradi hamda rivojlantiradi. Xususan, bu yog‘ saraton xastaligi to‘qimalari ko‘payishi va tanining boshqa yeriga ko‘chib o‘tishiga yordamlashadi. Ayniqsa, bunday moddalar organizmi hali nimjon bo‘lgan bolalarning salomatligi uchun katta xavf tug‘diradi.

Bugun biz har kuni iste’mol qilayotgan sutli mahsulotlar, shokoladli qandolat mahsulotlarida ham palma yog‘idan keng foydalaniladi. Ayniqsa, bolalar uchun shokolad pastalari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar daromad topish, kam xarajat qilish uchun pastalarga pista yog‘i o‘rniga palma yog‘idan qo‘shishadi. Qatiq, qaymoq va saryog‘, margarinlarga ham tannarxi arzonlashishi uchun palma yog‘i qo‘shilgan bo‘ladi.

Malayziya va Indoneziya asosan ana shunday yog‘ eksporti bilan shug‘ullanadi. Jahon miqyosida 85 foiz palma yog‘i ana shu davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Har yili O‘zbekistonga xorijdan, asosan Malayziyadan katta miqdorda palma yog‘i olib kelinadi va oziq-ovqat sanoatida keng foydalaniladi.

Buyuk Britaniyaning «The Independent» nashriga ko‘ra, Yevropada 2016 yildan boshlab palma yog‘i qo‘shib tayyorlangan mahsulotlarga qarshi ayovsiz kurash ketmoqda. Misol uchun, o‘sha yilning may-avgust oylarida palma yog‘i qo‘shilgan 200 dan ziyod mahsulot savdo rastalaridan olib tashlangan.

Shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Bugun nima sababdan davosiz saraton xastaligi ko‘payib ketdi? O‘zbekistonda ham go‘daklar o‘rtasida saratonning har xil turlari bilan og‘riyotganlar soni ko‘paymoqda. Chunki dasturxonimizdagi soxta mahsulotlarning soni ortayapti. Shularni hisobga olib, quyidagi ikki taklifni ilgari surmoqchiman.

1. 2018 yilning 16 yanvarida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga asosan qandolat va sut mahsulotlari hamda palma yog‘idan foydalangan holda oziq-ovqat ishlab chiqarayotgan tadbirkorlar faoliyatini alohida nazoratga olish.

2. Palma yog‘i va boshqa mahsulotlarning inson organizmiga salbiy ta’sirlari, saraton xastaliklarini o‘rganish yuzasidan ilmiy ishlar uchun davlat grantlari ajratish.

Alisher Navoiy bobomiz «Oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi» degan. Shuningdek bizda «Shakarning ham ozi yaxshi» degan gap bor. Shunday ekan, bolalarimizga turli-tuman shirinliklar olib berishdan, dasturxonni xilma-xil, kimyoviy moddalarga boy mahsulotlar bilan to‘ldirishdan tiyilish lozim.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring