Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam berish tartibi o‘zgaradi

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam berish tartibi o‘zgaradi

Foto: «Xabar.uz»

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 10 noyabrdagi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berishni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2024 yil apreldan boshlab:

  • fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Bunda fuqarolar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi.

«Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan «Yagona reyestri» AT orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi:

2023 yil dekabr oyidan boshlab:

  • bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan so‘ng «Yagona reyestr» AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi ko‘chmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) bo‘lsa, nafaqa to‘lovi to‘xtatiladi.

   2023 yil 16 noyabrdan boshlab berilgan arizalar uchun:

  • mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila a’zosi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash o‘quv kurslarida o‘qimasa, markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa, ishga joylashmasa, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ro‘yxatiga kirmasa yoki mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan bo‘lsa keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam to‘lovi to‘xtatiladi;
  • ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan yengil avtotransport vositasi mavjud oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi. Bunda, oilada I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron bo‘lsa ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshgan oilaga nafaqa tayinlashni rad etmaslik tartibi saqlab qolinadi;
  • oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilgan tomorqa yer va/yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan faqat bitta oila a’zosi band deb avtomatik belgilanadi;
  • fuqaroning chet elda ekanligi yoki «har bir oila – tadbirkor» faoliyati bilan band ekanligi elektron ma’lumotlar asosida avtomatik aniqlanadi. Bunda, mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan belgilab berish tartibi bekor qilinadi;
  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turgan oila a’zolaridan bandlik talab etmaslik imtiyozi berilmoqda;
  • rasman nikohi bekor qilinmagan aliment to‘layotgan er (xotin) oila tarkibiga kiritilmasligi belgilandi.

Bundan tashqari:

  • 2024 yil 1 martdan boshlab «mahalla yettiligi» tomonidan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan biroq foydalanuvida bo‘lgan avtotransport vositalari, ko‘chmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida ko‘rsatgan ma’lumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda o‘rganiladi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring