Bojxona rasmiylashtiruviga yangilik kiritildi
Bir tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini davriy bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim qilish yo‘li bilan amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Mazkur hujjat bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan bir tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil tovarlarning (jismoniy xususiyati, sifati, ishlab chiqaruvchisi, tashqi iqtisodiy faoliyatning tovar nomenklatura kodi bo‘yicha) bojxona rasmiylashtiruvini davriy bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim qilish yo‘li bilan amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Davriy bojxona yuk deklaratsiyasi bir xil turdagi tovarlarni bojxona chegarasi orqali bir shartnoma (kelishuv, bitim) doirasida ayni bir shaxs tomonidan muntazam olib o‘tishda rasmiylashtiriladi.
Aynan bir xil turdagi tovarlarga bir tashqi savdo shartnomasi doirasida karantin ruxsatnomalar, o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’yektlarini, ozon yemiruvchi moddalar va ulardan tashkil topgan mahsulotlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish uchun ruxsatnomalar, muvofiqlik sertifikati, veterinar, gigiyenik va ekologik sertifikatlar, bir kalendar yilidan oshmagan muddatga bir marotaba taqdim etilishi mumkin.
Nizomga muvofiq bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi: birinchi bosqichda davriy bojxona yuk deklaratsiyasi, ikkinchi bosqichda to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtiriladi.
Tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish paytida bojxona organlariga deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan davriy bojxona yuk deklaratsiyasi bilan birga bojxona rasmiylashtiruvi uchun tovar va transport vositasi kuzatuv hujjatlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda taqdim etiladi.
Davriy bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan tovarlarning to‘liq miqdori uchun bojxona rejimi shartlariga muvofiq amalda bo‘lgan bojxona to‘lovlari stavkalari bo‘yicha bojxona to‘lovlari hisoblanadi.
Davriy bojxona yuk deklaratsiyasi uchun belgilangan muddat tugagunga qadar tovarlar bojxona chegarasidan to‘liq olib o‘tilgan taqdirda deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etiladi.
Davriy bojxona yuk deklaratsiyasi uchun belgilangan muddat tugagunga qadar tovarlar bojxona chegarasi orqali to‘liq olib o‘tilmagan hollarda, deklaratsiyalovchi shaxs tomonidan ushbu muddatga qadar bojxona chegarasi orqali haqiqatda olib o‘tilgan tovarlarga nisbatan to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etiladi.
To‘liq bojxona yuk deklaratsiyasi davriy bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan oltmish kalendar kundan oshmagan muddatda taqdim etilishi lozim. Davriy bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirgan bojxona organi to‘liq bojxona yuk deklaratsiyasini taqdim etish muddatini nazorat qiladi.
Bojxona chegarasi orqali olib o‘tilgan tovarlarning umumiy miqdori davriy bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan miqdorga mos bo‘lishi lozim.
Tovarlar belgilangan muddatlarda davriy bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilgan miqdordan ortiq import qilinganda yoki eksportga olib chiqilishi nazarda tutilganda, tovarlarning ushbu qismiga shu kunda amalda bo‘lgan qonun hujjatlariga muvofiq yangi bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim etiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter