Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev: Bog‘cha tarbiyachilarining saviyasi bolalar kelajagi uchun juda muhim

Shavkat Mirziyoyev: Bog‘cha tarbiyachilarining saviyasi bolalar kelajagi uchun juda muhim

Shavkat Mirziyoyev Chimboydagi bog‘chalardan birida

Foto: «President.uz»

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurgani haqida avval xabar berilgan edi. Prezident tashrifini Chimboy tumanidagi 8-sonli maktabgacha ta’lim muassasasidan boshladi.

Mazkur bog‘cha 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 1992-yilda tashkil etilgan. 37 nafar pedagog va tarbiyachi ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelmoqda, deyiladi O‘zA xabarida.

Davlat rahbari bog‘chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, tarbiyalanuvchilarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabrikladi.

— Maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratayotganimiz bejiz emas, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Yoshlar tarbiyasiga bugundan e’tibor bermasak, ertaga kech bo‘lishi mumkin.

Prezident bolalarning ovqatlanish ratsioni bilan qiziqdi.

— Maktabgacha ta’lim muassasalarini Qoraqalpog‘istonning iqlim sharoitidan kelib chiqib qurish kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Har bir xonani isitiladigan pol bilan ta’minlash zarur. Bundan tashqari, bu soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini ham qayta ko‘rib chiqish lozim. Buning uchun oliy ta’lim muassasalari qoshida maxsus kurslar tashkil qilish maqsadga muvofiq. Tarbiyachilar saviyasi bolalar kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega.

Shavkat Mirziyoyev yangi qurilayotgan bog‘chalar loyihasini tayyorlashda Janubiy Koreya tajribasini tatbiq qilish lozimligini qayd etdi.

Bunday inshootlarni eskicha ruhdagi loyihalar asosida qurish o‘zini oqlamayapti. Bolalarning yotoqxonalari va darsxonalarini keng va yorug‘ qilib bunyod qilishimiz, ma’muriy xonalarni ixchamlashtirishimiz kerak, — dedi Prezident.

Shu yerda 50, 100, 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasalarining namunaviy loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Yangi loyihalarda maktabgacha ta’lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta’lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish kabi ma’lumotlar o‘z ifodasini topdi.

Prezident pedagogika kollejini tugatgan yoshlarni qayta tayyorlov kurslariga jalb qilib, ularni maktabgacha ta’lim muassasalariga ishga qabul qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring