Bobomurod Abdullayev ishida qatnashgan prokuror o‘z ixtiyori bilan ishdan bo‘shagan (video)
Ommaviy axborot vositalarida jurnalist Bobomurod Abdullayev ishida qoralovchi prokuror sifatida ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahrom Qobilov lavozimidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi. Bugun, 5-iyun kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasida bo‘lib o‘tgan brifingda ishtirok etgan «Kun.uz» muxbiri Zafarbek Solijonov Bosh prokuratura rasmiylaridan ushbu xabarlarga izoh berib o‘tishni so‘radi.
Erkin Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari:
— Jurnalist Abdullayevga nisbatan tergov harakatlarini olib borgan tergovchi ishdan olinibdi, degan mazmunda gapirdingiz, aslida unaqa emas. Agar tushunayotgan bo‘lsam, shu jinoyat ishi bo‘yicha davlat ayblovini quvvatlagan Qobilov Bahrom haqida gap ketayapti. Bu xodimimiz prokuratura idoralaridan o‘z ixtiyori bilan bo‘shash haqidagi ariza asosida ketgan. Unga nisbatan biror bir tergov harakatlari yoki bironta surishtiruv harakatlari o‘tkazilayotgani yo‘q.
Ikromjon Iskanov, Bosh prokuraturaning jinoiy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i:
— Bahrom Qobilov Bobomurod Abdullayev va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha sudda faqat davlat ayblovini qo‘llagan, xolos. Siz tergov harakatlarini olib borgan deb aytib o‘tdingiz, u tergov harakatlarini olib bormagan. Tergov harakatlari Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan olib borilgan. Tergovda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bor. U kamchiliklarga davlat ayblovchisining aloqasi yo‘q. Shuning uchun sud tomonidan ana shu kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan tergov organi ustidan xususiy ajrim chiqarilgan. Xususiy ajrim bo‘yicha hozir Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tekshirish o‘tkazilayapti.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning 7-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayev ishi bo‘yicha sud majlisi yakunlangan, ayblanuvchilar sud majlisidan ozodlikka chiqarilgan, Bobomurod Abdullayevga axloq tuzatish ishlari belgilangan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter