Bobomurod Abdullayev ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi
Bugun jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida jurnalist Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
Sud yig‘ilishida sudlanuvchilarning advokatlari, oila a’zolari, xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sudlanuvchi Bobomurod Abdullayev va uning advokati talabi bilan, sud qaroriga ko‘ra, B.Abdullayevning tanasidagi jarohat izlari qanday paydo bo‘lganiga aniqlik kiritish maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlanadi. Ekspertiza xulosasi tomonlarga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Ushbu moddaga muvofiq, agar sudda gumonlanuvchilarga qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topsa, eng kamida EKIHning olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Agar jinoyat ishi uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlagan holda sodir etilgan deb topilsa, besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolash ko‘zda tutilgan. Sudda mazkur jinoyat ishi hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish deb malakalangan taqdirda o‘n yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter