Bloknotchi
Yangi qurilgan arzon uylar oldida tumonat odam. Barcha nimadir bilan band. Nima emish, poytaxtdan odam kelib kam ta’minlanganlar uchun qurilgan uylarni tantanali ravishda ochib berarmish. Ish qizg‘in. Qorni katta, formali va ishlashga layoqatli barcha erkaklarning do‘xtirdan «spravka»si bor shekilli, uyoqdan-buyoqqa yurib, sigaret tutatib, onasi tengi ayollarga ish buyurib, o‘dag‘aylashdan charchamayapti.
Sal nariroqda qora «Jip» atrofida besh-oltita qorni qappaygan erkaklar yig‘ilib olib, qorni eng qappaygan bahaybat odamning so‘zlarini boshlari egik holda qunt bilan bloknotga yozishmoqda. Bloknotlarning yangi, lekin yarmigacha to‘lganidan ular faqat yozish uchun ochilishini sezish qiyin emas. Qorni eng qappayganning birdaniga avzoyi buziladi. Oldidagi «kseroks»dan biriga qo‘lini paxsa qilib gapiradi. Bloknotiga uning so‘zlarini aniq va tezroq yozmagani uchunmi, orqaroqda ishlayotgan ayollarga balandroq baqirib, yaxshiroq o‘dag‘aylamagani uchunmi, bilmadim, negadir uning basharasiga musht tushiradi. Sal nafasini rostlab olib, endi qorniga soladi.
«Bloknotchilar» bir zum yozishdan to‘xtashadi. Bahaybat ularga ham nimalardir deb baqirib, mashinasiga o‘tirib ketadi. Kattaning oxirgi so‘zlarini ular negadir qog‘ozga ko‘chirishmaydi. Balki qo‘llari charchagandir. Musht yegan sekin o‘rnidan turib, qumda yotgan bloknotini olib, qoqib, qo‘ltig‘iga qistirib, sun’iy maysaga sun’iy gulni tabiiy yo‘l bilan suqishga xarakat qilayotgan ayollar tomon yuradi.
Bloknotchi:
— Qaysi maktabdansizlar?!
Ayol:
— Boshliq, unaqa qilmang, xozir tiqib chiqamiz.
Bloknotchi:
— Qaysi maktabdansizlar dedim!
Ayol:
— O‘g‘lim, o‘zingiz ko‘rayapsiz, gazonga plastmassani tiqib bo‘lmayapti.
Bloknotchi:
— E, menga desa bog‘lab qo‘yinglar yoki direktorlaringni chaqir, ertalabgacha ushlab tursin. Maktab nomeri?!
Ayol:
— 16, ertalabdan beri ishlayapmiz, o‘g‘lim, unaqa qilma, charchaganmiz, hozir qilib qo‘yamiz.
Bloknotchi:
— E, xola, mening uyimda ishlamayapsiz, xo‘pmi?!
Yangi qurilgan ko‘p xonadonli uy eshigini ochib, ichkariga kiradi. Ikkinchi qavatdan yigit kishining baland ohangdagi tovushi eshitiladi.
— Men senga kecha nima dedim? Chiqma dedimmi? Yana nimaga kelding?
— Chiqmasam Xolida opa xammaning oldida izza qiladi, ishlashga qo‘ymaydi, azob beradi.
— E, kerak bo‘lsa ishdan bo‘shatsin. Lekin sen manovilarning uyini tozalamaysan. Paxtaga chiqardi, indamadim, yo‘l tozalatdi, indamadim. Endi bunisi ortiqcha.
Ular pastga qarab yurishadi. Zinapoyadan avval navqiron yigit va uning ortidan supurgi va chelak ko‘targan yoshgina kelinchak tushadi. Yigit va bloknotchining nigohlari to‘qnashadi.
Yigit:
— Ko‘chada kutib tur. Sizmi RayONO mudiri?
Bloknotchi:
— Ha, men.
Yigit:
— Men xotinimni olib ketaman. U ishlamaydi. Borib darsini beradi. Bu nima degan gap? O‘qituvchilarni xor qilib ishlatishingizni qarang.
Bloknotchi:
— Uka, ko‘p to‘polon qilmang. Mening o‘zimning xotinim ham huuv anovi uyda ishlayapti. Mening ham ilojim yo‘q. Menga kerak deysizmi shu?
Yigit:
— Men birovlarni o‘zgartira olmayman. Sizning xotiningiz bilan ham ishim yo‘q. U sizning ishingiz. U sizning erkaklik prinsiplaringiz. Lekin mening xotinim bu yerda ishlamaydi.
Bloknotchining jahli chiqib, qoshini chimiradi.
Bloknotchi:
— Ey uka, haddingdan oshma...
Birinchi qavatdagi eshik ochilib, u yerdan barzangi erkak chiqib keladi. Sochlari to‘zg‘igan, soqollari betartib o‘sib yotipti. Qo‘llari qorayib ketgan. Undan solyarka hidi anqiydi.
Barzangi:
— Brat, menga ham bir-ikkita o‘qituvchilaringizdan bering, mening ham uyimni tozalashsin.
Ikkalasi birdaniga bir zum unga qarab qotib qolishadi.
Yigit:
— Bir-ikkita o‘qituvchilaringizdan? Qanaqa odamsiz o‘zi? Bular sizga mardikor emas. O‘qituvchi ular. Oliy ma’lumotli ziyoli. Davlat arzon narxga kreditga sizga uy qilib berdi, endi uni 4 yil institutda o‘qigan, kontrakt to‘lagan o‘qituvchi tozalab ham bersinmi? Uyalmaysizmi?
Barzangi:
— Xo‘p, mana, hammaning uyini tozalayapti-ku? Menikini ham tozalab bersin degandim.
Yigit boshini quyi egadi. Horg‘in nafas chiqaradi. Boshini chayqab qo‘yib, nafasi bo‘g‘ilganday bo‘lib, ko‘chaga chiqadi. Sigaret tutatadi. Bloknotchiga ham uzatadi.
Bloknotchi:
— Ko‘rdingizmi, odamlar qanaqa bo‘lib ketgan? Nima deya olaman men? Buyruq bo‘lgan, qilish kerak. Mening o‘rnimda boshqasi bo‘lsa ham shu ishni qilardi.
Yigit:
— Bunaqa bo‘lishi kerak emas.
Bloknotchi:
— Ilojimiz yo‘q. Ko‘rdingizmi buni? O‘zi bo‘lsa oddiy shofyordir. Kam ta’minlanganlik ma’lumotnomasi bilan qariyb bepul uyga ega bo‘layapti. Shumi rahmati?
Ular sigaretni qattiq-qattiq tortishadi. Yigit go‘yo o‘ziga o‘zi gapirganday g‘uldiraydi.
Yigit:
— Noto‘g‘ri bu. Bunaqa bo‘lishi kerak emas.
Yigit xotinini yetaklab ketadi. Bloknotchi uning ortidan qarab qoladi.
Bloknotchi:
— Shunaqa bo‘layapti-da...
Uy eshigi ochilib, barzangi chiqib keladi.
Barzangi:
— Brat, o‘qituvchilaringizdan berasizmi-yo‘qmi?
Bloknotchi avval ijirg‘anib barzangining yuziga nafrat bilan qaraydi, keyin to‘da-to‘da bo‘lib birma-bir uylarni tekshirayotgan boshqa bir bloknotchilar otryadiga ko‘zi tushadi. Keyin esa horg‘inlik bilan sun’iy gul ekayotgan ayol tomonga o‘giriladi. Ayol hamon gulni gazonga suqa olmas edi. Bu jarayonga uzoq tikilib qoladi.
Barzangi:
— Brat...
Bloknotchi:
— Opa, shuning uyini ham tozalab beringlar.
Bloknotchi sekin qadam bosib, bolalar maydonchasi tomon yuradi. Atrofga boqadi. Odamlar u yoqdan-bu yoqqa shoshilib yurishibdi. G‘ala-g‘ovur. Shovqin. Bu shovqinda inson o‘z vijdonini eshitishi ham qiyin. Bloknotchi tutunni osmonga puflab, sigaretni zarda qilib uzoqqa uloqtiradi. Bir nuqtaga tikilgancha uzuq-yuluq nafas oladi. Galstugini betartib shoshmashosharlik bilan bo‘shatadi.
Uning telefoni jiringlaydi. Xayollari bo‘linib, cho‘ntak kovlaydi.
Bloknotchi:
— Labbay, boshliq. Xo‘p, boshliq, yaxshi, xo‘p-xo‘p. Bo‘ldi, tushunarli.
Telefonni o‘chirib, cho‘ntagiga soladi. O‘ylanib qoladi. Boshini qashib, o‘pkasini havoga to‘ldirib, baralla nafas chiqaradi.
Bloknotchi:
— Eeyy.
Atrofdan kimnidir qidiradi.
Bloknotchi:
— G‘ayrat!
Qo‘ltig‘iga bloknot qistirgan G‘ayrat uning yoniga yugurib keladi.
G‘ayrat:
— Labbay, boshliq?
G‘ayrat bloknotini ochib, qo‘liga ruchka olib, boshlig‘ining og‘ziga qaraydi.
Bloknotchi:
— Hamma maktab direktorlariga ayt, ertaga ham olib chiqishsin.
G‘ayrat:
— Ertaga ochilish-ku, nima ish bor yana?
Bloknotchi:
— Bularni kim yig‘ishtiradi?
G‘ayrat:
— Nimani?
Bloknotchi:
— Nimani? Nimani? Ertaga ochilish tugaganidan keyin, sal tinchiganidan keyin gazonni, gullarni, yo‘l chetidagi archalarni, tuvaklarni, hamma-hammasini yig‘ishtirib, mashinaga yuklab, olgan joyingga tarqatasan.
G‘ayrat:
— Qanaqasiga?
Bloknotchi:
— Shunaqasiga! Savollar?!
G‘ayrat:
— Tushunarli, «yest» qilamiz, shef.
Bloknotchi beqaror qadam tashlab mashinasi tomon yurib ketdi.
G‘ayrat uning ortidan istehzo bilan jilmayadi. Bu jilmayish ko‘proq og‘riq paytidagi chiranishga o‘xshab ketadi. Cho‘ntagidan sigaret chiqarib, tutatadi. Tortib-tortib, qattiq chekadi. Chetroqdagi maysaga zo‘rg‘a ilinib turgan gulga ko‘zi tushadi. O‘sha yerda ishlayotgan ayollarga yuzlanadi.
G‘ayrat:
— Qaysi maktabdansizlar?!
Nozimjon Safarov
Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter