Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biznes jurnalistika: kopirayting nima, degan savolga ba’zilar «ko‘chiruvchi» deb javob beradi

Biznes jurnalistika: kopirayting nima, degan savolga ba’zilar «ko‘chiruvchi» deb javob beradi

Ko‘pchilik kopiraytingni arzon-garov to‘lov evaziga ishlaydigan talabalar yoki uy bekalari yozadigan va hech qanday qiymatga ega bo‘lmagan matn deb tushunadi. Shuningdek, kopirayting faqat reklamaga tayyorlanadigan va sotiladigan matn degan tushuncha ham shakllangan. Bu bejizga emas, chunki dastavval shunday edi. Xozir esa bu yo‘nalish alohida soha sifatida takomillashib, «Kopirayting» termin tushunchasi ham kengayib bormoqda.

Kopirayting nima?

Kopirayting (copywriting – ing.) termin sifatida jurnalistikaga so‘nggi 5-10 yilda kirib keldi. So‘zma-so‘z tarjimada uning ma’nosi «matn yozish»ni anglatadi. Kopirayting biznes jurnalistika yo‘nalishi sifatida shakllanib bormoqda. Kopirayting deganda, odatda, reklama materiallari yoki matnlarini biznes uchun tayyorlash tushuniladi. Demak, kopirayterlar – tijorat matnlarini yaratuvchilardir.

Ko‘pchilik kopirayterlik uchun kompyuterdan samarali foydalanishni bilish, mahoratli yozuvchi va savodli bo‘lish kifoya deb o‘ylaydi. Albatta, kopirayter avvalo, savodli bo‘lishi, adabiy til grammatikasi qonunlarini bilishi va kompyuter dasturlarini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak. Lekin bu yetarli emas...

Kopirayting turlari va darajalariga ko‘ra har xil bo‘ladi

Tijorat matnlari formati, maqsadi va e’lon qilinish darajasiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:

  • Reklama matnlari. Biror bir tovar yoki xizmat turi tashviqotiga oid matnlar – reklama matni deyiladi. Misol uchun, lending matni, xizmat turini ifodalovchi matnlar, internet-do‘konning tovar kartochkasidagi matn, ijtimoiy tarmoqlarda tijorat bilan shug‘ullanuvchi postlar matni.
  • Ko‘ngilochar matnlar.Bunga kayfiyat beruvchi (kulguli) to‘plamlar, suratlar to‘plami, matnlar va o‘yinlar kiradi. Bu turdagi matnlar tez tarqalib, asosan mahsulotning brend bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bu ikkala turdagi matn tovarlar va xizmat turlari haqida foydali axborot berib, o‘ziga xos imij yaratadi.

Formatiga ko‘ra:

  • Blog maqolalari o‘quvchilarga foydali ma’lumotlarni, axborotni beradi va yangiliklarni o‘rgatadi. Ushbu maqolalar bir necha turlarga bo‘linadi – longridlar, yo‘riqnomalar, chek-listlar, keyslar, intervyular, so‘rovnomalar va b.
  • Ijtimoiy tarmoq postlari – o‘quvchini qiziqtirib muloqotga undovchi, mahsulot yoki xizmat turlari haqida xabar beruvchi qisqa xabarlar.
  • Yemail-tarqatmalar – sayt obunachilarining elektron pochtasiga keluvchi kichik materiallar. Mazkur materiallar axboriy, tijoriy, ko‘ngilochar mavzularda bo‘ladi. Odatda, bu xatlar to‘plami sifatida obunachiga ketma-ketlikda yuboriladi.
  • Internet-do‘konlarning mahsulot kartochkalari – mijoz uchun foydali bo‘lgan xabar (mahsulot haqidagi ma’lumotlar)ning qisqa izohi.
  • Lending matnlar – xizmat turlari yoki mahsulot savdosiga bag‘ishlangan bo‘lib, maqsadiga ko‘ra turli strukturaviy asosda tuziladi.

Yuqorida keltirilgan formatlarning barchasini baravariga bajarish buyurtmasi asosida ishlansa, bu kopirayting emas, kontent-marketingi deb atalib, bu xizmat turi kontent yordamida biznesni rivojlantirishga qaratilgan kompleks strategiya deyiladi.

Matnlar gradatsiyasiga ko‘ra darajasi:

  1. Birja matnlari. Eng past darajadagi matn. Chunki ushbu matnni kopirayter emas. Ko‘p hollarda rerayterlar (tayyor matnni qayta ishlash, qisqartirish, qayta shakllantirish bilan shug‘ullanuvchi mutahassis) yozadi. Ya’ni, kopirayter ishlagan matn sinonim so‘zlar bilan boyitiladi, qayta ishlanadi va natijada «qog‘ozga o‘ralgan» matn shakllanadi. Maqsad, tezroq sotish. Rerayterlar mijozning biznes rejalari bilan umuman qiziqmaydi, topshiriq tez va oson bajariladi. Rerayter matnni topshirgach, yangi ishga yana shunday osonlik bilan kirishadi.
  2. Sifatli ishlangan materiallar. Mijozning buyurtmasiga ko‘ra ishlangan matnlar, longriddan tortib to kartochka ko‘rinishidagi matnlar nazarda tutilmoqda. Ushbu materiallar mahsulot yoki xizmat turini mashhurlik darajasiga ko‘taruvchi, brend yaratuvchi kontent turiga kiradi. Ular odatda, hato va kamchiliklarsiz, to‘g‘ri tanlangan so‘zlardan iborat savodli matn bo‘lib, hatto o‘qilishi oson bo‘lishi uchun so‘zlarning joylashish tartibi, ranglari kabi detallar ham e’tibordan chetda qolmaydi.
  3. A’lo darajada optimallashtirilgan matnlar. Metateglari, matn shakli, to‘g‘ri tanlangan va o‘rinli ishlatilgan kalit so‘zlardan iborat kontent doimo «izlash» tizimiga berilgan buyruq asosida eng yuqori qatordan joy oluvchi matnlarga aytiladi. Bu zamonaviy biznesda qo‘llanilib kelinayotgan eng samarali amaliyot.
  4. Biznes jurnalistika. OAV, media va yirik blog sahifalarida chop etiladigan batafsil ma’lumotlardan iborat intervyular, piar-materiallar, sharhlar, tadqiqotlar, keyslar kabi kontentlar biznes jurnalistik materiallar turkumiga kiradi. Eng asosiy talab – material o‘quvchiga qiziqarli bo‘lishi va ko‘p odamlarni mijoz sifatida o‘ziga jalb qilishi lozim. Bu o‘rinda muallif nafaqat kopirayter tajribasiga ega bo‘lishi, balki muharrirlik, tarjimonlik, musahhihlik ko‘nikmalarini ham o‘zlashtirgan bo‘lishi materialning samaradorligini oshiradi.

Kasbiy malaka talablari:

Kopirayter mijoz buyurtmasini qabul qilishda uning asosiy talablarini to‘g‘ri tushunishi va muammoni to‘liq hal etishi lozim.

Buning uchun kopirayter mijozning texnik topshiriqlari (TT) ni qabul qilgach, bir nechta savolga javob olishi maqsadga muvofiq:

  • Nima haqida yozamiz?
  • Kim uchun yozyapmiz?
  • Nima uchun yozyapmiz?
  • Qanday yozamiz?

Mahsulot yoki xizmat turining nima uchun odamlarga kerakligi, uning yaxshi va yomon tomonlari, foydali jihatlari o‘rganiladi. Agar buyurtma ob’yekti biron bir shaxs bo‘lsa, u kimligi, odamlarga qanday foydasi tegishini, o‘quvchiga qaysi jihatlari qiziqarli ekanligini bilib olish kopirayterga nima haqida yozishi kerakligini hal qilishda yordam beradi.

Buyurtmachidan maqsadli auditoriyani aniqlashtirib olish materialni qaysi formatda tayyorlash, matnni qanday yozish, qanday triggerlar qo‘llash kerakligini belgilab beradi. Maqsadli auditoriyani aniqlash masalasi «kim uchun yozamiz?» savoliga javob bo‘ladi.

Har qanday matnning maqsadi bo‘lishi kerak. Masalan, kopirayting matni foydali ma’lumot berish, brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, mahsulotni sotish va boshqa shu kabi tijorat maqsadlari asosida tuziladi. Maqsadni aniqlashtirib olish nima uchun yozyapmiz, degan savolga javob bo‘ladi.

Matn uslubi materialning yana bir muhim jihatlaridan biri. Misol uchun, maqsadli auditoriya maktab yoshidagi o‘smir qizlar bo‘lsa ularga yaqin va tanish so‘zlarni qo‘llash, gaplarni romantik so‘zlar asosida tuzish, go‘yo mehribon ona roliga kirishgan (qalbakilashishdan ehtiyot bo‘lgan) holda matn shakllantirish, ya’ni matn uslubi «qanday yozamiz?» masalasini hal qiladi.

Kopirayter mutahassisga kerak bo‘ladigan tajriba va malaka:

  • Savodxonlik;
  • Faktcheking;
  • Kontentni keng tarqata bilish;
  • Tahlil qilish;
  • Konmanda tarkibida ishlash;
  • Buyurtmachini diqqat bilan tinglash;
  • Mas’uliyatli bo‘lish;
  • Taym-menejment ko‘nikmasi (ko‘plab buyurtmalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish);
  • Empatiya (buyurtmachini yaxshi anglash uchun psixolog darajasida bo‘lish)
  • SEO-tajriba (Search Engine Optimization).

SEO-tajriba nima uchun kerak? Ko‘p hollarda buyurtmachi matnni yozib berish bilan birga uni chop etish shartini o‘rtaga qo‘yadi. «Bitriks», WordPress, OpenCart, Joomla kabi internet-texnologiyalar tizimida ishlashni; SEO parametrlari doirasida Advego, Text.ru, «Orfogrammka», «Glavred» servislarini;Photoshop, Canva, Easel.ly, Meme Generator illyustratsiya va infografika texnologiyalarini; «Yandeks. Vordstat» i Google kalit so‘zlari reja tizimida ishlashni mukammal o‘zlashtirgan kopirayter xizmati ancha qimmat turadi.

Kopirayter bo‘lish uchun qayerda o‘qish kerak?

Hech qayerda! Chunki kopiraytinglik sohasi shakllanib kelayotgan yangi yo‘nalish sifatida tadqiqotchilar nazariga tushib, to‘liq tahlil etilgan va nazariy talqin etilgan emas. Filologiya va jurnalistika sohalariga o‘rgatuvchi ta’lim dargohlarida kopiraytinglik to‘liq shakllanmagan, ammo ba’zi belgilari namoyon bo‘lgan fanlar tarkibida o‘rgatiladi.

Kopirayter bo‘lish uchun nimalar qilish kerak?

Bu borada tajribali kopirayterlar quyidagi maslahatlar bilan o‘rtoqlashadi:

a) sifatli matn shakllantirishni bilib oldingizmi, buyurtmalarni qabul qilib, ishga kirishaverish, ya’ni amaliyotga sho‘ng‘ish kerak (ko‘pchilik kopirayterlar ishni shundan boshlagan).

b) kopirayting haqidagi nazariy adabiyotlarni o‘qib chiqish, sohaga oid saytlar, bloglar, kanallarga a’zo bo‘lish, kopirayterlik kurslarida ta’lim olish va sekin-asta buyurtmalar ustida ishlashni boshlash kerak.

v) «a» va «b» bandlarda ko‘rsatilgan maslahatni baravariga qo‘llash. Ya’ni unisi ham, bunisi ham baravar amalga oshirilganda kasb ko‘nikmalari – bilim+tajriba orttiriladi.

Kopirayter bo‘lib qayerda ishlash mumkin?

Kopirayterlik nafaqat biznesda, boshqa sohalarda ham kerak. Ushbu soha vakillariga kompaniyalar, birjalar, firma kabi turli idoralarda vakansiyalar hamisha mavjud.

Shuningdek, kopirayter sifatida shtatli yoki kelishilgan ish haqi olish tartibi asosida digital-agentliklarida ro‘yhatdan o‘tish mumkin. Bu holatda kopirayting tajribasi talablarini to‘liq o‘zlashtirgan bo‘lishingiz, lendingdan tortib UX-kopirayt materiallarini shakllantirishni bilishingiz zarur.

O‘zbekistonda kopirayter xizmati qancha turadi?

Matn shakli, uslubi, qayerda chop etilishi (yoki e’lon qilinishi), brend turi, sifati va tarqatish ko‘lami kabi buyurtmachi talablaridan kelib chiqqan holda bugungi kunda kopirayterlar xizmat haqi oyiga o‘rtacha 3,5 mln dan 7 mln gacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, buyurtma matn hisob-kitobi belgilarda (harflar, tinish belgilari, «probel»larda) amalga oshiriladi.

 Muhayyo Saidova,
O‘zDJTU Media va kommunikatsiya fakulteti katta o‘qituvchisi,
jurnalist.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring