Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Biz ayollar o‘z haq-huquqlarimizni qanday himoya qilaylik?

Biz ayollar o‘z haq-huquqlarimizni qanday himoya qilaylik?

Foto: «Sputnik»

«Xabar.uz» saytining telegram kanali botiga bir murojaat kelib tushdi. Quyida uni qisqartirishlarsiz, to‘lig‘icha e’lon qilamiz.

Assalomu alaykum, sevimli «Xabar.uz»  jamoasi.

Men bir ona, ayol sifatida yurtimizda yashab kelayotgan, yolg‘iz o‘zi farzandlarini boqib, katta qilayotgan, tarbiyalayotgan O‘zbekiston ayollari nomidan yozmoqchiman. Ism, familiyam sir bo‘la qolsin.

1981 yilda Xorazm viloyatining Xiva tumanida tug‘ilganman.

Ma’lumotim — oliy.

Sobiq turmush o‘rtog‘im T.J. bilan 2006 yilda turmush qurganmiz. Ma’lumoti — o‘rta-maxsus. O‘rtamizda 2 nafar farzand bor: qiz, o‘g‘il.

U har yili Rossiya davlatiga ketib ishlardi. Qishda kelardi. Lekin turmushimiz boshidanoq tinch emasdi. Ko‘p ichardi, ichib kelib meni urardi. Qancha marta ajrashishga ahd qilganman. Ammo farzandlarimni o‘ylab, sababsiz xo‘rlashlariga chidardim. Nimalar o‘tmagan boshimdan. Har janjaldan keyin, Allohim agar shu safar omon qolsam, ajrashaman derdim. 2014 yili sobiq erim yana Rossiya davlatiga ishlashga ketdi va boshida oz-moz pul jo‘natib turdi. Keyinchalik umuman yo‘q bo‘lib ketdi.

2018 yili nikohni bekor qilish va aliment undirishni so‘rab, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudiga murojat qildim va arizam qanoatlantirildi.

Lekin T.J. shu ketganicha Rossiyadan qaytmadi.

Aliment undiruvi Majburiy ijroga o‘tkazildi. Ammo men haliyam farzanlarim uchun 2018 yildan buyon aliment ololmadim.

Sababi T.J. 7 yil bo‘ldiki, Rossiyada.

Bormagan joyim qolmadi.

Xiva tuman prokurori, MIB hammasi bir gapni aytdi. Faqatgina kelsa undirib beramiz deb. Nikoh davrida birgalikda sotib olgan 2 xonali uyimiz bor Xiva shahrida.

Haliyam o‘sha uyda ro‘yxatdaman. Ammo uy T.J.ning nomida. Uyning yarmiga qonuniy egalik huquqim bor. Alimentni sobiq turmush o‘rtog‘imning o‘sha uydagi ulushidan qaytarmaysizmi desam, MIBga, uni ham iloji yo‘qligini aytishdi. Sababi T.J.ning Rossiyadaligiyu, uni O‘zbekiston MIB xizmati olib kelolmasligi... Qisqasi hech narsa qila olishmas ekan.

Ammo uyning hamma kommunal, soliq to‘lovlarini o‘zim to‘lab kelmoqdaman.

Yaqinda 2021 yil, 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezident qabulxonasiga bordim. Ular respublika MIBga jo‘natishdi. Yana natija yo‘q.

O‘zbekistonga kelmasa, undirib berolmaymiz deyishdi.

Sog‘ligim sabab 2016 yildan beri Toshkent shahrida yashayman. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. 5 yil bo‘ldi ijaradan ijaraga o‘tib, yashab kelyapman. Agar uydagi ulushimni va alimentni olsam, farzandlarim uchun, bilim olishi uchun nimadir qilarmidim...

Xaqsizlikni yenggan bo‘larmidim...

Chet elda yurgan eridan haqqini ololmayotgan ayollar uchun umid bo‘larmidim...

Otalik mehrini ko‘rmay, marhamatini sezmay katta bo‘layotgan bolajonlarga hech bo‘lmaganda, sizu bizning orqamizda mana davlat bor, qonun bor deb dalda berarmidim...

Endi esa savolim: men va menga o‘xshagan qiynalib yurgan ayollar kimga, qayerga murojat qiladi?

O‘zbekistondagi ayollar, eri Rossiyaga, chet elga ketsa, bolasi uchun aliment ololmaydimi?

Agar er O‘zbekistonga qaytmasa-chi, unda umuman aliment yoki bolalarning haqi, ayolning uydagi ulushi erning cho‘ntagida qolaveradimi?

Biz ayollar o‘z haq-huquqlarimizni qanday himoya qilaylik?

Ayting, javobi bormi bu savollarni???

Hurmat ila «Pinxona».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring