Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ana xolos! Bir yilda 560 ming tonna saqich iste’mol qilinadi

Ana xolos! Bir yilda 560 ming tonna saqich iste’mol qilinadi

O‘quvchilik davringizda stol yoki stulga yopishgan saqichga ko‘zingiz tushganmi? Metro, avtobusdan foydalanayotganingizda o‘rindiqlarga, yerga yopishganlarigachi? Ko‘chalarida yurganingizda poyabzalingizga yoki o‘rindiqlarga o‘tirganingizda kiymingizga saqich yopishib qolishidan aziyat chekkanmisiz?

Albatta, hozirgi kunda saqich chaynash ko‘p odamlar uchun kunlik odat tusiga kirgan. Ammo uni chaynab bo‘lgandan so‘ng to‘g‘ri joyga tashlayapmizmi? Inson organizmiga foyda va zararlari haqida qanchalik ma’lumotga egamiz?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yer aholisi har yili 560 ming tonna saqichni iste’mol qiladi. Massasi bo‘yicha bu 112,000 ta filning og‘irligiga teng. Sotib olingan saqichlarning narxi esa 14 milliard funtdan ko‘proq. Albatta, u og‘iz bo‘shlig‘ini tozalashini, ovqatni yaxshiroq hazm bo‘lishiga yordam berishini, chaynash jarayonida milkni massaj qilishi orqali periodontitning oldini olishini mutaxassislar isbotlashgan. Shuningdek, u miya faoliyatini yaxshilash, stressni yengillashtirish kabi foydali jihatlari bilan bir qancha zararli ta’sirlardan ham holi emas. Och qoringa saqich chaynash oshqozon kasalliklarini, ya’ni yallig‘lanish va yarani keltirib chiqaradi. U fikrlash qobiliyatini yomonlashtirishi, tishdan plombalarning yemirilishiga sabab bo‘lishi, jag‘ning cheksiz harakatlanishi natijasida og‘iz atrofida erta ajinlar tushirishi mumkin. Shifokor maslahatiga ko‘ra, saqichdan ovqatlangandan so‘ng maksimal 15 daqiqa davomida foydalanish maqsadga muvofiq.

Bundan tashqari, saqich dunyoda sigaret qoldiqlaridan so‘ng ko‘chalarda uchratishimiz mumkin bo‘lgan ikkinchi eng keng tarqalgan chiqindi turi hisoblanadi. Muammo shundaki, mana shu bir marta ishlatiladigan hamda qayta ishlanmaydigan saqichning atigi 10-20 foizi chiqindi qutilariga, 80-90 foizi esa odatda noto‘g‘ri joylarga tashlanadi.

Ko‘pincha ko‘chalarga, o‘rindiqlarga, yo‘laklarga, zinapoyalarga tashlanayotgan saqich atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Birinchidan, ko‘chalarda yopishib qolganida uni iste’mol qilgan qushlar, itlar uchun buning oxiri o‘lim bilan yakunlanadi.

Suv havzalariga tashlanganda esa bu baliqlar uchun ham xavflidir. Ikkinchidan, bu yopishqoq mahsulotni shahar ko‘chalaridan olib tashlash juda qiyin. Buning uchun katta mablag‘ sarflanishi kerak bo‘ladi. Har kvadrat metrga beparvolik ila tashlangan saqichlarni poldan tozalab olish ham qiyinchilik tug‘diradi.

Har yili Britaniya hukumati tomonidan London ko‘chalarini saqichdan tozalash uchun 150 million funt sterling, Buyuk Britaniya va Germaniyada esa buning uchun 300 va 900 million yevro sarflanadi.

Xitoyda Pekinning Tyananmen shahridagi asosiy maydonda bo‘lib o‘tgan milliy bayram paytida sayyohlar tomonidan 600 ming saqich maydonga tashlangan. Maydonni tozalash shaharga 120 ming dollarga tushgan.

Jahon amaliyotida saqichni noo‘rin joyga tupurganlik uchun jarimalar joriy qilingan mamlakatlar mavjud. U ba’zi mamlakatlarda hatto ta’qiqlangan. Bunga Indoneziyani misol qilish mumkin. Saqichni Singapurga olib kirish va sotish tozalikka zararli ta’sir ko‘rsatishi sababli qonun bilan taqiqlab qo‘yilgan hamda 500 dollardan 100,000 dollargacha jarima belgilangan.

Dunyo olimlari bir necha yildan beri atrof-muhitga zarar bermasdan saqichni eritib yuboradigan kimyoviy moddalar yaratish uchun izlanyaptilar. Dunyoning turli mamlakatlarida esa yo‘q qilishning o‘ziga xos, g‘ayrioddiy usullari o‘ylab topilgan bo‘lib, San-Luis Obispo shahrida (Kaliforniya) qirq yildan beri har kim o‘z saqichini yopishtirishi mumkin bo‘lgan devor mavjud.

Bu mahalliy diqqatga sazovor joy. Devor bir necha qatlamlarda elastik tasma bilan qoplangan. Nemislarning Bosholte shahrida esa daraxt shoxlari xuddi shu maqsadlarda ishlatiladi. Inglizlar bu masalaga yanada o‘zgacha yondashishgan. Britaniyalik dizayner Anna Bullus saqichni foydali narsalarga qayta ishlash va ko‘chalarni tozalash haqida o‘ylab, saqich yig‘ish uchun ishlatilganlaridan rang-barang idishlar yasashni hamda ulardan kelajakda foydalanish fikrini beradi.

Italiyada rassom Maurisi Savini asfaltdagi ishlatilgan saqichni kichik san’at asariga aylantirishni taklif qiladi. Ammo shunga qaramay, ushbu muammoni hal qilishning universal yechimlari hali hanuz mavjud emas.

Xo‘sh, saqichni noo‘rin joylarga tashlashimizning sababi nimada? Ichki madaniyatga ega emasligimizdanmi!? Yoki har qadamda chiqindi qutilari tursa ham ikki qadam yurib borib, uni to‘g‘ri joyga tashlashga erinmoqdamizmi!? Ko‘chaga tupurilgan saqichning parchalanishi uchun yuzlab yillar kerak bo‘lishi mumkin. Albatta, bu – noxush statistika. Aslida, bunday vaziyatlarning yechimi oson. Keyingi safar saqichni tashlamoqchi bo‘lganimizda, piyodalar yo‘lagidagi chiqindi qutisini qidirishni o‘ylaylik. Zero, jamoatchilik joylari pokligiga barchamiz barobar mas’ulmiz. 

Madiyeva Mohichehra,
O‘zbekiston Jurnalistika va Ommaviy kommunikatsiyalar universiteti,
Xalqaro jurnalistika yo‘nalishi, 2-bosqich talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring