«Ezidyor» buzilganiga bir yil bo‘ldi. Restoran egasiga hokimlik va’da qilgan bino hali ham berilmagan
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasiga Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi, palata a’zosi «GRAND DUET» MChJ O‘zbekiston — Birlashgan Arab Amirligi qo‘shma korxonasi rahbari Sh.Sobirov murojaat qilgan. Bu haqda SSP axborot xizmati xabar bermoqda.
Murojaatni ko‘rib chiqish jarayonida quyidagilar ma’lum bo‘lgan:
«GRAND DUET» MChJ qo‘shma korxonasi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Olmazor ko‘chasi, 19-uyda 2003-yildan buyon aholiga zamonaviy biznes markazi sifatida xizmat qilgan. Biroq, «Tashkent City» barpo etilishi munosabati bilan «GRAND DUET» MChJga qarashli ko‘chmas mulk ob’yekti buzilishga tushgan.
Toshkent shahar hokimiyatiga «GRAND DUET» qo‘shma korxonasi bilan kelishilgan holda, «Ezidiyor» restorani binosi buzilishi hududiga tushganligi inobatga olinib, Mirzo Ulug‘bek tumani, Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasi, 115-uy manzilida joylashgan «Sayohat» restorani binosini qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shma korxona tasarrufiga topshirishi lozim edi.
Biroq, bu kelishuv amalga oshmagani sabab, tadbirkor faoliyatini to‘xtatishiga va yuzlab ishchilarni ishdan bo‘shatishga majbur bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan 2019-yil fevral oyida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan «GRAND DUET» qo‘shma korxonasining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlanishi maqsadida Chilonzor tuman Ma’muriy sudiga Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan «Sayohat» restorani binosini «GRAND DUET» MChJ qo‘shma korxonasi tasarrufiga o‘rnatilgan tartibda topshirish to‘g‘risida da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Chilonzor tuman Ma’muriy sudining 2019-yil 16-maydagi hal qiluv qaroriga asosan, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan palata a’zosi «GRAND DUET» qo‘shma korxonasi manfaatida kiritilgan da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilgan.
«Mazkur xal qiluv qarori ijrosi amalda ta’minlangan taqdirdagina, tadbirkorning qonuniy manfaatlari to‘liq himoya qilingan, deya olamiz», deyiladi SSP xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir yilcha avval «Tashkent City» qurilishi munosabati bilan «Ezidiyor» to‘yxonasi buzilgandi.
O‘shanda «Ezidyor» to‘yxonasi egasiga Toshkent shahar hokimligi balansida bo‘lgan «Sayohat» restorani topshiriladi, degandi Toshkent shahar binolardan foydalanish departamenti xodimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter