Bir yarim tonnalik koptok yoki dunyodagi eng g‘aroyib xobbilar
Xobbi – eng ko‘p vaqt ajratiladigan qiziqarli mashg‘ulot. Yaxshi ishga esa albatta fursat topasiz. Maroqli xobbi odamni ruhiy siqilishdan xalos etib, mavjud muammolardan chalg‘itadi. Odamlar turfa bo‘lganidek, ularning qiziqish ko‘lami ham turli-tuman. Deylik, hayvonlar skeletini to‘playdiganlar haqida eshitsangiz hayron bo‘lsangiz kerak. Yana ayrimlar borki, poyezd raqami, reysi va yo‘nalishini qayd etib yuradi.
Bo‘yoqlardan... ulkan soqqa!
Ba’zilar buni g‘ayrioddiy xobbi deb hisoblashadi, boshqalar erishilgan natijalar bilan faxrlanish deb qarashadi. Kim nima desa desin, Maykl Karmaykl ayni shu mashg‘uloti bilan tanilgan. Dekoratorlar ishlovchi (aslini olganda bo‘yoqchi) hayoti o‘ziga zerikarli tuyuldi va tasavvur dunyosini biroz ishga solib, doimiy mashg‘ul bo‘ladigan yumushdan qandaydir yaxshi narsa topishga qaror qildi. Hatto har kuni bo‘yaganida ham buni amalga oshirish mumkin bo‘lsin!
1977-yilning yanvar oyida Maykl jajji beysbol koptogini bo‘yashga qaror qildi. Bu to‘p 22894 qatlam qilib bo‘yaldi va endilikda 1587 kilogramm (3500 funt)ni tashkil etadi. Dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurganlar koptokni emas, sharni bo‘yashga hissa qo‘shmoqchi bo‘ladilar. Beysbol to‘pi kattalashib, ulkan soqqaga aylangan-da!
Bu koptok shu qadar ulkanki, uni osib qo‘yish uchun maxsus metall tayoqchalar ulashga to‘g‘ri kelgan. Birinchi bo‘yoq qatlami esa uning o‘g‘li Mayk Karmaykl tomonidan amalga oshirilgan. O‘shandan buyon kimki sharga yangi bo‘yoq qatlami qo‘shsa, u boshqa rangda bo‘lishiga e’tibor qilinadi, ya’ni har gal bo‘yoq tusi avvalgisidan farqlanishi kerak. Shunday ekan, mabodo siz ham ulkan koptokka bo‘yoq qatlami bilan hissa qo‘shishni istasangiz, rangni to‘g‘ri tanlang.
Eng qizig‘i, sharning hajmiga ko‘ra, bu mashg‘ulot juda ko‘plab shinavandalariga ega.
Har kuni 10 dollardan!
Aksariyat badavlat va o‘ziga to‘q kishilar uchun xayriya qilish xobbiga o‘xshab qoldi. Qolaversa, dunyoda odamlarga yordam berishni xohlaydigan odamlar haqiqatda mavjud. Biroq bir inson borki, u xayriyani rosmanasiga mashg‘ulot darajasiga yetkazgan.
Kutilmaganda ishdan bo‘shatilgan Rid Sandrij odamlarga ko‘maklashish maqsadida qaytarib bermaslik sharti bilan muhtojlarga pullar ulasha boshladi. Buning uchun u maxsus ravishda 10 dollar pul ajratib, muhtoj bo‘lib ko‘ringan insonga topshiradi. Sandrij pul berganini o‘zining maxsus yon daftariga yozib ham qo‘yadi. Bu ishi yordam bergan odamlarini yodida tutish uchun amalga oshiriladi, xolos. Ammo ishlamayotgan odamning yana qancha miqdorda pul ulashishi mumkinligi aniq emas!
Noodatiy butash
Bu nafaqat kutilmagan xobbi, balki ba’zida quvnoq mashg‘ulot hamdir. Biroq quvontiradigan ish va haqiqatda yoqimli ko‘rinsa-da, bechora kuchuklarga rahmingiz keladi.
Xitoy va boshqa davlatlardagi ba’zi odamlarning o‘ziga xos xobbisi mavjud bo‘lib, ular itlarni «bezatadi». Garchand g‘alati ko‘rinsa-da, bu kuchuklar haqiqatda san’at asari! Faqat... jonivorlarga baribir achinasan, kishi!
Qarta-uylar
Qarta, qimor va me’morchilik. Qarta o‘yinlari bilan shug‘ullanish, odatda, yaxshilikka yetaklamaydi, biroq...
Barcha bolalar nimalardir haqida orzu qilishadi. Kimdir katta bo‘lgach, kosmonavt, kimdir badavlat, yana kimdir mashhur arxitektor bo‘lishni xohlaydi. Buni qanday qilib bitta orzuga omuxtalashtirish mumkin? Los-Anjelesda istiqomat qiluvchi MkLeyn mazkur ishni uddaladi. U boy va dovruqli me’morga aylandi. Barchasiga qarta «uy»lar qurish orqali maqsadiga yetdi.
Kiyim dazmollash
Suv ostida dazmollash haqida eshitganmisiz? Xuddi shunday mashg‘ulot mavjud. Ammo nima maqsadda o‘ylab topilgani ayon emas. Mazkur xobbi uchun dazmol taxtasi ham suv tubiga tushiriladi.
Xavfsizlik tasmalari, yuz metr suv ostiga tushib kiyim-kechak yoki choyshablarni dazmollash... Qizig‘i shundaki, mazkur xobbi bilan ko‘pchilik mashg‘ul.
Shuningdek, havoda dazmollash, yana ulkan qoyatosh ustida bu ishni ado etish fotofaktlari mavjud.
Sut idishlari kolletsiyasi
Uning ismi Pavel. Ko‘rinishidan g‘ayritabiiy yigit emas. Biroq u sutni nihoyatda yaxshi ko‘radi. Qolaversa, sutdan bo‘shagan shisha idishlarni yig‘ib boradi. Ular soni esa 10.000 taga yetib qolgan. Vaqti kelib Pavel maxsus muzey ochmoqchi!
Sovundan antiqa shakllar
Bir haykaltaroshdan «bu durdonalarni qanday yasaysiz?» deb so‘rashganida «shunchaki qo‘limga tosh olib, ortiqcha joylarini yo‘qotaman», deya javob bergan ekan. Yog‘och yoki metallga ishlov beradiganlarga nisbatan ham shunday deyish mumkin. Sovun o‘ymakorligi haqida-chi? Ulardan eng noodatiy shakllar paydo qilish mumkin. To‘g‘ri, keyin bu go‘zallik «yuvilib ketadi».
Kasseta tasmasidan rasmlar
Audiokassetalar yodingizda bo‘lsa kerak? Bu uzoq tarixda qolib ketgan, deb e’tiroz bildirmang. Ayniqsa, bir iste’dod egasi chiroyli portretlar yaratganida! Bunday tasmalardan ajoyib manzaralar ham yasash mumkin. Material egiluvchan, yangicha fantaziya qilinsa kifoya! Internet tarmoqlarida mazkur ish bilan shug‘ulanadiganlar ozmuncha emasligi ayon bo‘lgan.
Mutlaqo g‘alati
Norvegiyada yashovchi Kari Xansenning mutlaqo g‘ayrioddiy mashg‘uloti bor. U axlat yig‘adi. Nima bo‘pti, shunday kasb bor, deyapsizmi? Gap shundaki, Kari dengiz to‘lqinlari chiqarib tashlagan chiqindilarni yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Oz emas, ko‘p emas, yigirma yil bo‘ldi bunga. Bir kuni Karina 2500 yillik zeb-ziynat topib olgan.
Orqa manzaradagi qahramon
Birovlar ishlaydi, boshqalar esa yangiliklar reportajida o‘zining «yoritilib» turishni istaydi. Bu ish ko‘rsatuv ayni tomoshabinlarga uzatilish paytida amalga oshiriladi. Orqa manzaradagi mazkur qahramonni «yangiliklar bombardimonchisi» desa bo‘ladi.
Suratdagi bu odam – Londonda istiqomat qiluvchi Pol Yarrou. U bir necha yil davomida nufuzi kompaniyalarning talay reportajlarida paydo bo‘lishga ulgurgan.
Yarrou to‘g‘ridan-to‘g‘ri reportaj uzatiladigan joylarni biladi. Muxbir ro‘y bergan hodisa haqida hikoya qila boshlaganida orqa tomonda turib oladi. U hech kimga xalaqit bermaydi, kameraga tushishni yaxshi ko‘radi, xolos.
Akbar Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter