Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aksariyat poyezdlar harakati vaqtincha Janubiy vokzalga ko‘chiriladi

Aksariyat poyezdlar harakati vaqtincha Janubiy vokzalga ko‘chiriladi

Foto: Xabar.uz

15-iyuldan 15-avgustgacha Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi.

«Olma-ota – Toshkent – Olma-ota», «Toshkent – Novosibirsk – Toshkent», «Toshkent – Samara – Toshkent» yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda «Toshkent – Xojikent – Toshkent» shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar joriy yil 15-iyuldan 15-avgustgacha Janubiy vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.

Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari, «Sharq», «Nasaf» hamda «Toshkent – Andijon – Toshkent», «Toshkent – Volgograd – Toshkent», «Dushanbe – Toshkent – Dushanbe» yo‘lovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent-Markaziy hamda Toshkent-Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu-kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.

Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent-Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qo‘yiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring