«Begona tajriba»: chiqindi yig‘uvchilar kutubxona ochishdi
Turkiya poytaxtida 5000 ta kitob jamg‘armasiga ega yangi kutubxona ochildi. Yigirma yil avval yopilib ketgan g‘isht zavodi hududidagi bu kutubxona boshqa kutubxonalardan aytarli farq qilmaydi. Xo‘sh, shunga nima bo‘pti, oddiy bir kutubxonada, desangiz adashasiz. Gap shundaki, kutubxona o‘quvchilari asosan chiqindi yig‘uvchilar. Aynan ularning kitobga mehri tufayli bu kutubxona tashkil topdi, ko‘plab kitoblar saqlab qolindi.
«Resheto.net» nashri xabariga ko‘ra, Anqara janubida Chankaya mavzesi bor. Bu yerda poytaxt ramzi hisoblangan balandligi 125 metrli Atakule teleminorasi, ko‘plab ishbilarmonlik va savdo ofislari joylashgan. Ana shu idoralar vaqti-vaqti bilan «keraksiz» juda ko‘p qog‘oz, jumladan, gazeta-jurnallar va kitoblarni tashlab yuboradi. Shahar ma’muriyati esa oqilona qarorga keldi: qayta ishlashga yuboray desa hali kitoblar yangi va bus-butun, undan ko‘ra kutubxona tashkil qilgan ma’qulmasmi?!
Besh mingga yaqin kitobni yig‘ish uchun bir yil ham ketmadi: «Garri Potter», Charlz Dikkens va «Nobel» mukofoti sovrindori O‘rxon Pamukning romanlari... Xullas, har bir «qutqarilgan» kitobga javonda joy topildi. Yana bir yarim mingta kitob hozircha omborda saqlanyapti. Kitoblarni janrlari bo‘yicha 17 toifaga ajratishdi: badiiy adabiyotdan tortib publitsistikagacha. Kutubxonaga kiraverishda «mutolaa saloni» degan yozuvni ilib qo‘yishgan, ichkarida esa mumtoz musiqaning yengil sadosi quloqqa chalinadi.
Erta tongdan to soat 17:30 gacha bu kutubxonadan barcha bepul foydalanishi mumkin. Chiqindilarni olib ketuvchi tashkilotning 700 nafar xodimi uchun esa kutubxona eshiklari kechayu kunduz ochiq. Yaqin atrofdagi maktablar o‘quvchilari va aholi ham kutubxonaga o‘rganib qolishdi. Kitoblarni joyida o‘qishdan tashqari, uyga ikki haftagacha olib ketishga ruxsat beriladi.
Hozir bu kutubxonani butun Turkiya biladi. Himmatpeshalar sharofati bilan kitoblar soni ko‘paygandan-ko‘paymoqda. «Chiqindi» kutubxona tashkilotchilari hozircha uning binosini kengaytirish borasida bir fikrga kelganlari yo‘q, ammo ko‘chma kutubxonalar tashkil etishmoqchi. Bu kututbxonalar har ikki haftada Anqaraning o‘z kutubxonalari yo‘q maktablari bo‘ylab ko‘chib yuradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter