Azon.uz tahririyati bosimga uchragani ma’lum qilindi
Azon.uz sayti bosh muharriri Abdulaziz Muborak (Abdulaziz Raimov) tahririyatga bosim va tahdid bo‘lgani sabab ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini ma’lum qildi. Bu haqda u Facebookdagi sahifasida «Azon.uzga bosim qachon tugaydi?» sarlavhali bayonot joylashtirdi.
Uning aytishicha, sayt muassisi Mubashshir Ahmad yig‘ilish o‘tkazib, saytdagi quyidagi maqolalar olib tashlanishi kerakligini aytgan («Qorilar mahallasi» – Prezidentning taklifi ahli ilmlarni to‘lqinlantirib yubordi, Shavkat Mirziyoyev diniy sohada qanday erkinliklarni qaytardi?)
«Bilishimizcha, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Dilshod Eshnayev Mubashshir Ahmadga qo‘ng‘iroq qilib, yuqoridagi maqolalar uchun juda qattiq haqorat va tahdid qilibdi. Shunday haqoratlarki, uni aytish tilga, eshitish quloqqa og‘irlik qiladi. Men domlaning gaplariga ko‘nmadim (maqolalarni o‘chirtirmadim), chunki har ikki maqolada ham muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoritilgan, ya’ni bir so‘z bilan aytganda, siyosatga qarshi emas, aksincha, uni qo‘llab-quvvatlaydigan fikrlar yozilgandi.
Avvallari ham bir necha maqolalar olib tashlangan edi, bugun bilishimcha, o‘sha maqolalar ham aynan D.Eshnayevning qo‘ng‘iroqlari orqasidan o‘chirilgan ekan.
D.Eshnayevning xizmat vakolatiga saytlardagi diniy mazmunda yozilgan xabar va maqolalarni kuzatish, tahlil qilish kirar, ammo unega aynan davlatimiz rahbarining fikrlari, islohotlari, tashabbuslari yoritilgan maqolalarga e’tiroz bildiradi?
Maqsad-muddao ne?
Bunaqa turishda Yangi O‘zbekiston degan gapning ma’nisi qayerda qoladi?
Nahotki, prezidentning tashabbuslari haqida yozish ayb, gunoh, xato bo‘lsa?!
Bu davlatimiz rahbarining ochiqlik, oshkoralik siyosatiga zid emasmi?
Yo yurtboshimiz aytayotgan, dindor xalqimizni umidlantirayotgan siyosatlar til uchidagi gaplar, xolosmi?
Mubashshir Ahmad domla yig‘ilishda bizni qattiq urishdilar. Aybimiz – so‘nggi paytlarda prezidentimizning gaplariga, tashabbuslariga katta urg‘u berib yuboribmiz. Men u kishini tushunaman, bundan xafa emasman, faqat o‘zi shundoq ham yomon sog‘liqlaridan xavotirdaman.
Kamina bosh muharrir sifatida Azon.uz saytida o‘z e’tirozlarimizni bildirmoqchi bo‘ldim, ammo... bunga ruxsat berishmadi...
Pichoq borib suyakka yetdi...» deb yozadi Abdulaziz Muborak.
Azon.uz bosh muharririning bu chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bayonot bilan chiqib, davlat idoralaridan jurnalistlarga bosim o‘tkazmaslikni so‘radi.
«O‘zbekistonning yangi ochiqlik va oshkoralik siyosatida davlat idoralari va jurnalistlar o‘rtasidagi bahsli masalalar imkon qadar o‘zaro kelishuv, agarda buning iloji topilmasa huquqiy me’yorlardagi tartiblar asosida hal etilishi maqsadga muvofiqdir. Xususan, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishda nizoli holatlar yuzaga kelganda ham masalaning yechimi sud orqali hal etilishi belgilangan.
Agentlik doimgidek davlat organlari va ommaviy axborot vositalarini qonunchilikda ko‘rsatib o‘tilgan qoidalar hamda o‘rnatilgan talablarni hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarga kirishishga chaqiradi. Shuningdek, davlat idoralarini jurnalistlarga nisbatan bosim o‘tkazmaslik, tahririyat xodimlarini esa jurnalistlik odob-axloq qoidalariga amal qilishini so‘raydi», – deyiladi AOKA rasmiy saytida e’lon qilingan relizda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hozircha holatga izoh bermagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter