Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aziz Abduhakimov ziyorat turizmi haftaligi ishtirokchilarini qutladi – vazir nutqining e’tiborli tomonlari

Aziz Abduhakimov ziyorat turizmi haftaligi ishtirokchilarini qutladi – vazir nutqining e’tiborli tomonlari

Samarqand shahrida «Ziyorat turizmi haftaligi» tadbiri boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov tadbirda ishtirok etayotgan muhtaram din peshvolari, islomshunos olimlar, xalqaro moliya institutlari va sayyohlik tashkilotlari vakillari, turizm sohasi ekspertlari va mutaxassislari, hamda chet-el va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini qutlab o‘tdi.

Vazir shuningdek o‘z nutqi davomida quyidagilarga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Turizm rivoji
Turizm – O‘zbekiston iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sanaladi. Soha rivoji uchun mamlakatda viza tizimi liberallashtirildi, aeroportlarda yashil yo‘laklar joriy qilindi, mehmonlar elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi, turistlarning erkin harakatlanishi uchun imkoniyatlar yaratildi, turistik korxonalar uchun soliq imtiyozi va preferensiyalar taqdim qilindi.

Pandemiyadan so‘ng
Garchi pandemiya davrida soha ancha muammolarga duch kelgan bo‘lsa-da, amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli yurtimizda turizm qayta tiklana oldi. Xususan, joriy yilning 1 oktyabriga qadar 3,6 mln.nafar sayyoh yurtimizda mehmon bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2021 yilning mos davriga nisbatan 3 baravarga ko‘paydi.

Ziyorat turizmi rivoji
O‘zbekiston – islom dini tamadduniga katta hissa qo‘shgan yurt. Shu sababli islom olamida yurtimizga qiziqish juda katta. Shu sababli turizm xizmatlari va musulmon mehmondo‘stligi talablari bo‘yicha standartlar ishlab chiqildi. Xalqaro aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va mehmonxonalarda namozxonalar va tahorat xonalari tashkillashtirildi.

Ziyorat turizmi sayyohlari uchun umumiy ovqatlanish maskanlari, restoranlar va joylashtirish vositalariga «Halol» standarti joriy qilinmoqda.

Yutuqlar
Infratuzilmani ziyorat turizmiga moslashtirish yuzasidan boshlangan ishlar natijasida O‘zbekiston GMTI (Global Muslim Tourism Index) hisobotida 2017 yildagi 32-o‘rindan 2022 yilda 9-o‘ringa ko‘tarildi.

Joriy yilda Singapurda musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan «Halal in Travel Awards» global sammitida Samarqand shahri «Yilning islom merosi manzili» va «Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.

Shuningdek, Islom hamkorlik tashkiloti Xiva shahrini 2024 yil Islom dunyosining turizm poytaxti deb e’lon qildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring