«Ayol sha’niga tegmang» — «Adolat» SDP Kattaqo‘rg‘on voqeasiga munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Kattako‘rg‘on shahar IIB tezkor vakili San’at Umarovning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari barchamiz uchun og‘ir, qayg‘uli. Bu qilmish O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, qonun hujjatlarida e’tirof etilgan inson huquqlariga oid normalarga, tergov va surishtiruv etikasiga, milliy qadriyatlarimizga o‘ta zid.
Militsiya kapitani, boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan tezkor vakilning g‘ayriqonuniy xatti-harakati nafaqat yuzlab, minglab ichki ishlar idoralarida xalqqa halol xizmat qilayotgan tizim xodimlarining yuzini yerga qaratdi, mamlakatimizga isnod keltirdi. Xalqaro hamjamiyat oldida yuzimiz shuvit bo‘ldi. Albatta, jinoyat jazosiz qolmaydi. Eng muhimi, yuz bergan voqea Bosh prokuratura va jamoatchilik nazoratida.
Keyingi vaqtlarda ayrim yurtdoshlarimiz jinoyat qilgan yoki fohishalikda gumon qilingan ayollarni huquqbuzar yoki boshqa jinoyatchi yoxud jabrdiyda sifatida videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish holatlari kuzatilmoqda. Go‘yoki, katta bir jinoyatni fosh qilgan singari qo‘yilayotgan videotasvirlar millat sha’nini, obro‘sini to‘kmoqda.
Bunday qilish Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan normalarga, aybsizlik prezumpsiyasiga zid. Qolaversa, har bir shaxsning daxlsizlik huquqi bor va undan faqat sud mahrum etishi mumkin. Umume’tirof etilgan xalqaro normalarda, milliy qonunchiligimiz talablarida har bir shaxsning surati yoki videolavhasi faqat uning roziligi bilangina tarqatilishi belgilab qo‘yilgan.
Afsuski, ayni voqea bo‘yicha ijtimoiy tarmoqdagi ayrim yurtdoshlarimiz ham sobiq kapitanning xatti-harakatlarini o‘zlari bilib-bilmagan holda takrorlashmoqda. Ya’ni, ojiza ayolning bir sira yechinganligini ming karra ko‘paytirib, butun dunyoga ko‘rsatishmoqda. Sho‘rlik ayolga o‘sha tahqir kam edimi? Ijtimoiy tarmoqlardagi shov-shuvlarimiz, ayniqsa, videolavhani bo‘lishishlarimiz bilan voqea jabrdiydasini butun dunyoga takror-takror sharmanda qilayapmiz-ku, axir.
Qolaversa, biz militsiya xodimining jirkanch qilmishini ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilish va tarqatish orqali o‘zimizni, millatimizni butun dunyoga sharmanda qilmayapmizmi?
Shunday ekan, biz ijtimoiy tarmoqlarda ham, rasmiy va nodavlat ommaviy axborot vositalarida ham inson sha’ni, qadr-qimmatini ehtiyot qilishimiz, e’zozlashimiz zarur.
Zero, O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari eng oliy qadriyat sanaladi va uni hech kim poymol qilishi mumkin emas.
O‘zbekiston «Adolat» SDP
«Ayollar qanoti» faollari
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter