Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Avgustda qanday ob-havo kuzatilishi mumkinligi e’lon qilindi

Avgustda qanday ob-havo kuzatilishi mumkinligi e’lon qilindi

Foto: Xabar.uz

O‘zgidromet avgust oyida ehtimoliy ob-havo ma’lumotini taqdim etdi. 

Avgust issiq ob-havo bilan boshlanadi. Oyning birinchi besh kunligida kunduz kunlari havo 39-41 darajagacha, janubda 42-44 darajagacha isiydi.

Keyinalik issiq biroz pasayadi va hududning katta qismida birinchi o‘n kunlikning oxirigacha kunduz kungi havo harorati 36-39 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda 
40-42 darajagacha bo‘ladi.

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari 22-25 darajadan 17-20 darajagacha, kunduz kunlari 35-38 darajadan 30-33 darajagacha o‘zgarib turadi.

Avgust oyi quruq bo‘lishi kutilmoqda. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Shunga qaramay, avgust oyining ikkinchi yarmida kuz fasli yaqinlashayotgani seziladi. Salqin havoning kirib kelish soni ko‘payadi. Harorat 40o va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni iyul oyiga nisbatan sezilarli darajada kamayadi.

O‘zbekiston hududining katta qismida avgust oyida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lmagan yillar ham kuzatilgan va faqat shimolda, janubda va cho‘l hududlarda ayrim kunlarda havo 41-43 darajagacha isigan. So‘nggi yillarda bunday avgust oylari 2020, 2021 va 2022 yillarda kuzatildi.

Tog‘ tizmalariga yaqinroq joylashgan hududlarda, ko‘p yillik kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida harorat deyarli hech qachon 40 darajagacha ko‘tarilmagan.

Oyning uchinchi o‘n kunligining ayrim kunlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.

O‘zbekistonda avgust yilning eng quruq oyidir.

Avgust oyida yomg‘irlar juda kam yog‘adi, hududning katta qismida o‘rtacha  1 kundan 3 kungacha biroz yomg‘ir yog‘adi, o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori esa  1-2 mm dan, Farg‘ona vodiysida 3-5 mm dan ko‘p bo‘lmaydi.

Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yomg‘ir tez-tez yog‘adi va o‘rtacha oylik yog‘ingarchilik miqdori ba’zi joylarda 12-15 mm ni, Farg‘ona viloyati tog‘larida va Toshkent viloyatining baland tog‘larida 20-22 mm ni tashkil etadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring