Atrof-muhitni muhofaza qilishda jamoatchilikning roli muhokama qilindi
15 may kuni Toshkentda 31-Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan «Fuqarolarning ekologik huquqlarini targ‘ib qilish va himoya qilishda ommaviy axborot vositalari hamda jurnalistlarning o‘rni» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, UNESCO‘ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosining inson huquqlari bo‘yicha xodimi Pavel Bialik, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi diplomatik bo‘limi rahbari Aleksandr Sherer, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining Axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Lola Rahmonboyeva, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) boshqarma boshlig‘i Marat Aitov, «Aral Wetlands» loyihasining 4-komponenti rahbari Murod Nasirov, ekologlar, OAV vakillari va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar davomida O‘zbekistondagi asosiy ekologik muammolar, bu muammolarni yoritishda yuzaga keladigan qiyinchiliklar, bu borada hukumatning fuqarolik jamiyati bilan yanada samarali hamkorlik qilishi kabi masalalar muhokama qilindi.
Tadbirda nutq so‘zlagan Akmal Saidov Prezident Shavkat Miziyoyev rahnamoligida ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida ta’kidladi. Xususan, Butunjahon ekologik Xartiyasining qabul qilinishi, «Yashil Makon» milliy loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ko‘chati ekilishi, BMT Bosh Assambleyasining Orolbo‘yi mintaqasini «ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi rezolyusiyasining qabul qilinishi va boshqa islohotlarni qayd etdi.
Shuningdek, 2023 yil iyul oyida qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi moddalari ham alohida ta’kidlandi. Xususan, 49-moddada har bir fuqaroning qulay atrof-muhit va uning holati to‘g‘risida ishonchli ma’lumot olish huquqi mustahkamlangan, 61-moddaga ko‘ra esa har bir fuqaro atrof-muhitni muhofaza qilishga majburdir. Yashil iqtisodiyotga o‘tish va atrof-muhitni muhofaza qilish hukumatning ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qilingani alohida ta’kidlandi.
«Bugungi kunda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda suvni tejovchi va energosamarador texnologiyalarni tatbiq etish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekologik toza transportlar sonini oshirish va yashil maydonlarni ko‘paytirish orqali «yashil o‘sish» tamoyillari integratsiyasi ustida ish olib bormoqda, — dedi Lola Rahmonboyeva. — Shu bilan birga, biz ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda ekologik muammolar muhokamasiga jamoatchilikni keng jalb qilyapmiz. Bu aholining ekologik bilimlarini va ularning atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq muammolardan xabardorligini oshirishga xizmat qiladi».
Ta’kidlash joizki, Ekologiya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar uchun @ecogovuz_bot telegram-botini ishga tushirgan. Shuningdek, (71) 207-11-07, (71) 207-11-08, 1157 va 1207 raqamlari orqali bog‘lanishingiz mumkin.
Tadbirda nutq so‘zlagan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) vakili esa axborot asosiy vositaga aylangan bugungi davrda ommaviy axborot vositalarining roli har qachongidan ham ortib borayotganini, jamoatchilik orasida ekologik mas’uliyat va daxldorlik hissini oshirishda aynan OAV asosiy vositaga aylanganini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etilgani, bu yerda «Ekologik jurnalistika» fakulteti faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi.
O‘z navbatida Murod Nasirov ommaviy axborot vositalarida yoritish va jamoatchilik muhokamasi uchun zarur bo‘lgan asosiy ekologik masalalarni aytib o‘tdi. Bularga aholi sonining ko‘payishi tufayli cheklangan resurslar, sanoatning o‘sishi natijasida atrof-muhitning ifloslanishi, biologik xilma-xillikni saqlash kiradi.
Tadbir doirasida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining muloqoti ham bo‘lib o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter