Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Pasportimdan noqonuniy foydalandi» kabi xabarlarga rasmiy munosabat berildi

«Pasportimdan noqonuniy foydalandi» kabi xabarlarga rasmiy munosabat berildi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hamyurtlarimizning OneID — yagona identifikatsiya tizimidan foydalanish bilan bog‘liq texnik muammolar va tushunmovchiliklarga duch kelayotgani haqidagi xabarlarga guvoh bo‘lyapmiz.

Ular orasida tizimdan avtorizatsiyadan o‘tish jarayonida «Pasport seriyamdan noqonuniy foydalanib, boshqa shaxslar ro‘yxatdan o‘tib olibdi» degan xulosa bildirayotganlar ham yo‘q emas.

Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi axborot xizmati mazkur holatga quyidagicha munosabat bildirdi.

OneID – yagona identifikatsiya tizimi, davlat idoralarining ko‘plab axborot tizimlari, veb-saytlari va portallariga kirish, my.gov.uz – elektron davlat xizmatlaridan foydalanishda yagona identifikatsiya tizimi hisoblanadi.

Biroq fuqarolarimizning avvalroq «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanishga shoshilishi, keyinroq esa «Tonirovka» uchun o‘zgalar ko‘magida ruxsatnoma olish (shunga o‘xshash holatlar)da shaxsga doir ma’lumotlarini begonalar qo‘liga topshirishi tufayli bugunga kelib tizimdan qayta ro‘yxatdan o‘tish va tizimga kirish bilan bog‘liq muammolar kuzatilmoqda.

Sizning nomingizdan begonalar ish yuritishini xohlamasangiz, shaxsga doir ma’lumotlaringizni hech kimga bermang. OneID dan shaxsan o‘zingiz ro‘yxatdan o‘tishga shoshiling va unga o‘z telefon raqamingizni biriktirib qo‘ying, — deyiladi munosabatda.

Eslatishicha, Yagona identifikatsiya tizimidan (OneID) ro‘yxatdan o‘tganlar avvalgi login va parollaridan foydalanishlari, uni yoddan chiqarganlar tiklash funsiyasini qo‘llashlari mumkin.

Tizimdan foydalanishda biror muammo yoki savol yuzaga kelganida texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘limiga murojaat qilish mumkin (tel: +998-55501-3609).

Ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi tavsiyalar berilgan:

  1. O‘z nomingizga bitta raqam oling va faqat o‘shandan foydalaning.
  2. Raqamingizga kelgan SMS kodlarni hech kimga bermang, aytmang va ko‘rsatmang.
  3. One ID dan ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsangiz, buni aslo kechiktirmang (shundagina boshqa odamlar sizning nomingizdan ro‘yxatdan o‘tolmaydi) Unga o‘z raqamingizni biriktirib qo‘ying.
  4. Albatta, Elektron raqamli imzo oling va uni ishonchli joyda saqlang.
  5. Elektron raqamli imzo parolini hech kimga bermang.
  6. OneID tizimidagi akkauntingizni elektron raqamli imzoingiz bilan tasdiqlab qo‘ying. shunda Yagona portalning mobil ilovasida elektron raqamli imzo talab etiladigan hujjatlardan ham bemalol foydalana olasiz.
  7. Shaxsni tasdiqlovchi pasportingizdan nusxa olishlariga aslo yo‘l qo‘ymang.

«Aziz yurtdoshlar, so‘nggi yillarda internet orqali bo‘layotgan kiberjinoyatlar soni ortayotgani va minglab odamlar firibgarlar tuzog‘iga ilinayotganini hisobga olib, fuqarolarimizni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz», — deyiladi munosabat yakunida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring