Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aql zaiflashishiga olib keluvchi faoliyat aniqlandi

Aql zaiflashishiga olib keluvchi faoliyat aniqlandi

Ekspertlar xulosasi rossiyalik akademik Bexterev bayonotini qisman tasdiqladi.

Daniyaning Kopengagen universiteti (University of Copenhagen) olimlari o‘tgan asr oxiridan to hozirgi kunga qadar to‘rt mingdan ziyod erkaklarning tibbiyot tarixi va turmush tarzini o‘rganib, ularning ish faoliyati bilan keyingi demensiya (aql zaiflashishi) o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdilar.

Aqli zaiflik jumboqlari

Demensiyaning  yoshga bog‘liq sabablari hali aniq emas. Endi shifokorlar bu sohada ko‘plab tadqiqotlar olib borish bilan birga xastalikka xos jumboqni yechishga ham harakat qilishmoqda. Masalan, doktor Aleksandr Myasnikov fikriga ko‘ra, turli kasalliklar yoshga bog‘liq aqliy zaiflikni qo‘zg‘atuvchi omillardan biri bo‘lishi mumkin. Ingliz olimlari esa, aksincha, bu ijtimoiy kasallik ekanini va insonning ijtimoiy izolyasiyasi demensiyaga olib kelishini ta’kidlashadi.

Mutaxassislar, shuningdek, yomon ovqatlanish, kasalliklar va ijtimoiy izolyasiyani ham demensiya sababchisi deb bilishadi.

Yana bir guruh olimlar talqinicha, noto‘g‘ri ovqatlanish tana va miyaning erta qarishiga olib kelishi mumkin.

Rus akademigi Bexterev esa hammasi miyaga tushadigan yuklamaga bog‘liq degan: agar miya doimiy ishlasa, demensiya unga tahdid solmaydi. Ma’lumotlar va fikrlar nomuvofiqligi tufayli bu kabi tadqiqotlar katta talabga ega. Daniyalik sakkiz nafar olimdan iborat guruh odamlar mashg‘ulotini ularning keyingi aqliy salomatligi bilan taqqoslash uchun maxsus grantni (Mamlakat ish muhitini tadqiq qilish jamg‘armasining) qo‘lga kiritishdi. Ular o‘z tadqiqotlarini Medicine & Science in Sports jurnalida chop etishdi.

Ko‘ngil ishi yoki bir burda non uchun

Olimlar jismoniy faoliyatning ikki turini asos qilib olishdi: har bir inson bo‘sh vaqtida ko‘p shug‘ullanadigan mashg‘ulot – sport, baliq ovlash, sayohat qilish, ertalab va kechqurun yugurish va boshqalar. Ikkinchisi – odam har kuni professional tarzda yoki zarurat yuzasidan bajaradigan jismoniy mehnat: og‘ir yumushlar, shaxsiy tomorqada ishlash va hokazo.

Ma’lum bo‘lishicha, birinchi mashg‘ulot, jumladan, ko‘ngilli tarzda sport bilan shug‘ullanish nafaqat tanaga foyda keltiradi, hatto jiddiy tushkun holatda ham, demensiya xavfini kamaytiradi. Og‘ir jismoniy mehnat, aksincha, ichki a’zolarning zararlanishiga olib keladi va bu oxir-oqibat, miyaga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Xo‘sh, bu qanday sodir bo‘ladi. Buni anglab yetishimiz uchun hali ishlashimiz kerak. Kasbiy jismoniy faoliyat va demensiya bo‘yicha ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish lozim, – deydi o‘z ishlarini izohlab tadqiqotchilar. – Lekin eng asosiysi, jismoniy mehnat turi bilan demensiya rivojlanishi o‘rtasida bog‘liqlik bor”.

Olimlar fikriga ko‘ra, ko‘p yillik davomli og‘ir mehnat aqli zaiflik rivojlanishiga olib keladi.

Bexterev haq edimi?

Daniyaliklar xulosasi bilvosita rus akademigi Bexterev nazariyasini tasdiqladi. Zero, har kuni og‘ir jismoniy mehnat qilayotgan aksariyat odamlar chet tillarini o‘rganish, shaxmat jumboqlarini ishlab chiqish, kitob va maqola yozish yoki laboratoriyada qandaydir tajribalar o‘tkazish kabi jiddiy vazifalar bilan shug‘ullanadiganlarga nisbatan miyasini juda kam ishlatishadi. Ular kunlik og‘ir mehnatdan so‘ng dam olish uchun televizor qarshisiga, do‘stlari yoniga yoki oilasi bag‘riga shoshishadi. Va hafta oxiri faol dam olish uchun qoladi: kimdir dala hovliga, kimdir esa baliq oviga oshiqadi.

Mutolaa, yangi ma’lumotlarni o‘rganish, shaxmat o‘ynash kabi mashg‘ulotlar miyani demensiyadan himoya qilishi mumkin.

Shu tariqa Kopengagen universiteti tadqiqotchilari og‘ir mehnat demensiyaning rivojlanishi xavfini 55 foizga oshiradi, degan xulosaga kelishdi. Olimlar fikricha, ushbu natijalar ish beruvchilar e’tiborini og‘ir jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar orasida demensiyaning oldini olish masalasiga qaratishi kerak.

Usmonjon Yo‘ldoshev tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring