Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Antiqa! Yangiyo‘llik ayol toshlarga «jon» kiritmoqda (video)

«Men tabiatdan go‘zallik axtaraman. Yoshligimdan hovlimda turnalarning, laylaklarning yurishini istardim. Quyon yilida tug‘ilgan bo‘lsam-da olmaxonni yaxshi ko‘rganim uchun muchalim olmaxon, deb hazil qilardim. Hayvonlarni hovlimga kiritishning yo‘lini topdim. Olti oy bo‘ldi toshlardan har xil obrazlarni yasayapman. Sementdan bir yarim metr qanotli burgut yasadim, hovlimda turna, laylak, toshbaqa, tovus qushigacha bor...»

Bugungi qahramonimiz Feruza Bariyeva Yangiyo‘lda yashaydi. Uch farzandning onasi. Oddiygina toshchalarni terib kartina yasashni boshlagan Feruza bugun odam bo‘yi baravar, odamdan ikkita keladigan multfilm qahramonlari va qush, hayvonlarning obrazlarini yaratmoqda.

– Bilasizmi, avvallari ko‘chadagi toshlarning rangiga, yo‘l-yo‘l chiziqlariga rosa qiziqardim, menga tabiatning mo‘’jizasidek ko‘rinardi. Shunaqa toshlarni yig‘ib oxiri kartinka qildim. Keyin internet orqali sementdan, toshdan yasalgan ijod namunalari ko‘rib qanday mahsulotlar kerakligini o‘rgandim.

Bugun Feruzaning yasagan multfilm qahramonlari bog‘chalardan joy olmoqda.

– Garchi toshdan narsa yasayotgan bo‘lsam-da ularning xarakterini ochib bergim keladi, – deydi Feruza, – qarang qizil to‘ti qariroq, ko‘k to‘ti yoshroq, manavi burgutning hatto qarashlari, qovoqlariyam mening e’tiborimdan chetda qolmasligi kerak. Manavi er-xotin qurbaqalar bayramga ketayapti. Qo‘lida gul va yana sumkachasi bor. Buni ko‘rgan odamlarning labiga kulgu yugurishini istayman.

Darvoqe, u bizga chiroyli tustovuqning patlarini, qanotlarini yasash uchun simni qanday qayirish lozimligini, qulamasdan mustahkam turishi uchun qanday temir ishlatish kerak, barchasini erinmay tushuntiradi. Va turmush o‘rtog‘ining cheksiz yordamini, undan minnatdor ekanligini tez-tez ta’kidlaydi.

– Atrofingdagi odamlarni qo‘llovi, sen shuni albatta qila olasan, deb ishonch bildirgani menga katta motivatsiya. Mana bu tashqarida turgan qushlar va jonzotlarning bo‘yog‘i sinov uchun turibdi, hozircha hech narsa ta’sir qilgani yo‘q, – deya izoh beradi Feruza. – Maqsadim bularni yasashdan biznes qilish emas edi, lekin ko‘rgan, xabar topgan borki buyurtma bera boshlashdi. Har doim xorijliklarning yaratuvchanligiga va ularning ishi qadrlanishiga havasim keladi. Va angladimki har bir inson yaratuvchi, ijodkor. Agar o‘zining ichidagi xohishini to‘g‘ri topsa, bu unga zavq bag‘ishlaydi. Kelajak avlodga o‘zimdan nimadir qolishini istayman. Farzandlarimga yaratuvchi ona ekanligimni isbotlagim keladi. Farzandlar ham sizdan o‘rnak oladi. Onam qila oldi, demak men ham qila olaman, degan ishonch paydo bo‘ladi ularda...

Biz Feruza bilan zo‘rg‘a xayrlashdik. Chunki u o‘zining yaratgan asarlari haqida aytadigan gaplari juda ko‘p, bizning esa eshitgan sayin eshitgimiz kelardi...

Muallif Barno Sultonova,

Operator Akmal Qudratov,

Montajchi Sherzod Qayumov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring