Antimonopol qo‘mita «aravakashlar masalasi»da rasmiy munosabat bildirdi
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Antimonopolchilar Toshkent bozorlaridagi aravakashlar faoliyatini tartibga solmoqchi» mazmunidagi postlar tarqaldi. Holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi quyidagilarni ma’lum qildi.
«Tarqalgan videotasvirdagi holat Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining joriy yil 7 mart kunidagi 58-sessiyasida bo‘lib o‘tgan.
Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining deputatlaridan biri joriy yil 25 fevral kuni Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 57-sessiyasida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga Toshkent shahri bozorlaridagi arava xizmatlari va ko‘rsatilgan xizmat uchun xaq olish yuzasidan masalani o‘rganish topshirilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Turobov mazkur masalani o‘rganib, tasvirlarda ko‘rsatilganidek hisobot bergan.
Bundan tashqari bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va ularga qulayliklar yaratish maqsadida bozorlar ma’muriyatlari tomonidan aravalarni ijaraga berish vazifalarini takomillashtirish yuzasidan u o‘z fikrlarini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Respublikamiz bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish va xizmatlar ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish» qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur qoidaga muvofiq bozorni boshqarish bozor ma’muriyati tomonidan amalga oshiriladi, unga ushbu Qoidalar va boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya qilish uchun javobgarlik yuklangan.
Qo‘mita tomonidan aravakashlar faoliyatini tartibga solish va o‘rganish o‘tkazish rejalashtirilmagan», deyiladi rasmiy munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter