Anomal sovuqning anomal she’rlari va anomal tez aytishlari — No‘noq suratkash, cho‘p tergan «jinoyatchi»lar, aytingchi: o‘qishmi, o‘qishmasmi?
Yurtimizda yangi yil o‘ziga xos tarzda boshlandi... Hech kutilmaganda, yana qahraton qishda anomal sovuq kirib keldi. Anomal sovuq, anomal sovuq degan bir-biridan «qaltiratadigan» xabarlar ko‘pchilikni shoshirib qo‘ydi. Xuddi yozning chillasida qahraton qish boshlanib qolayotgandek hamma bir etikka oyog‘ini tiqqan...
Issiqmi issiqmasmi?
Qay bir viloyatning hokimi o‘zi majlis chaqirib yana xodimlarini qor kurashga haydagan, yana bir tumanning hokimi hali tarmoqqa ulanmagan «issiqqina» trubani ushlab shiringina, mastona jilmayib turibdi-da. «Mana bizda ham isitish tizimlari bor, mana biz ham ishlayapmiz, sharoit yaratib berayapmiz, bolajonlar yoki ishchilar issiqqina xonalarda o‘tiribdi», demoqchiydi... aksiga olib suratchi ishning beliga tepib, kadrni «muvaffaqiyatli» ololmadi. O‘sha isitish tizimiga ulanmagan truba tushib qolgan joyini suratchi kesib tashlagandaku hokimbovaning ishi besh, chip-chiroyli turgandikuya. Yaqinda hayfsan olgan Shovot hokimi bir martagina rasmga tushib «ishlayotgan»ini ko‘rsatmoqchiydi? buyam o‘xshamadi. Ijtimoiy tarmoqdagilarga bahona topilmasin... biri trubalarni virtual ulab beramiz deb surat qo‘ydi, yana bir hamyurtimiz suratkashni aybladi, o‘sha ulanmagan joyini qirqib piar qilsa ham bo‘lardiku, degan mazmunda.
Bu anomal sovuq shoirlarning ham dil daftarini ochgani bor gap. Abdurahmon Meshayan degan facebook foydalanuvchisi hatto hokimbuvaga atab she’r yozibdi:
Hokimbuva
Kimki rasmingiz olibdi,
Pismiqmikan hokimbuva?
«Tarmoq» ulanmay qolibdi,
Issiqmikan hokimbuva?
Otmayapmiz tuhmat toshi,
Xalqning tugadi bardoshi.
Yolg‘ondakam maqtov oshi—
Tansiqmikan hokimbuva?
Qish sovuqdir, qishdir yovuz,
Muzlab qolgan bunda hovuz.
Lek baliqning boshi hanuz—
Badbo‘ymikan hokimbuva?
Kulib uzildi ochig‘i—
Chilanganlarning ichagi,
Rasm bugun yo kechagi,
«Feykmasmikan» hokimbuva?
O‘tinchi bolalar jinoyatchimi?
Albatta anomal sovuq qishloqlar uchun o‘z ta’sirini, zaxini, zahmatini ko‘rsatmasdan qolmaydi. Surxondaryoda qurigan shox-shabbalarni tergan bolalarni «jinoyatchi»ga chiqarib yig‘latgan video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ham g‘azabini, ham rahmini keltirdi. Va bunga ham shoirlarimiz jim qarab turolmadi, iste’dodli shoir Nasrullo Ergash «O‘tinchi bolalar» she’rini yozdi:
O‘TINChI BOLALAR
Kesildi alp chinorlar,
Kim bildi, kim bilmadi.
Saksovulzor bag‘rida
Bolalaring yig‘ladi!
Ko‘rib qo‘y, ona xalqim!
Kim kulgan, yig‘lagan kim?!
Bilmay aybin neligin
Bolalaring yig‘ladi!
Bir qalqib ketdi ovul,
Cho‘lda bo‘ri uvladi.
Terib yurgan saksovul
Bolalaring yig‘ladi!
Xalqim, men ham bolangman,
So‘z tergan tunlar yarim.
Goh dardim she’rga solsam,
Urishgay akalarim.
Bolalarim, yig‘lamang,
Hali bir kun kulasiz.
Bir kun kelar vatanning
Sizlar zo‘ri bo‘lasiz.
Kun kelar turk tuprog‘in
Buzgaydir na’ralaring!
O‘shanda sizdan uzr
So‘raydi akalaring!..
O‘qishmi, o‘qishmasmi?
Hafta boshlanishidanoq eng trendga chiqqan mavzu bu o‘quvchilar ta’tili qachon tugatishi haqidagi mavzu bo‘ldi.
O‘zi aslida maktablarda qishki ta’til 11 yanvargacha belgilangandi, biroq O‘zbekistonga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha bo‘g‘indagi ta’lim muassasalarida qishki ta’til muddati 17 yanvarga qadar uzaytirildi.
Garchi ta’tilni uzaytirish haqida qaror e’lon qilinganida prognoz qilingan anomal sovuq ob-havo o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsada, nimagadir birdaniga turli xabarlar oqimi to‘xtamadi: ya’ni bolalar 11 yanvardan o‘qishga borishlari e’lon qilingani haqida. Shunday qilib o‘qish boshlanishi, boshlanmasligi haqida bir nechta qarorlar chiqib ketdi. Oxiri vakolat hokimliklarga berilgani e’lon qilindi. Tinib tinchimagan mutasaddilar, davlat idoralari, hokimliklar nimalarni o‘ylab topishmaydiya... Nafaqat ular, balki tinib-tinchimagan ijodkor odamlarimiz mana bunday tez aytishlarni ham to‘qib tashlashdi:
O‘qishmish, o‘qishmasmish,
Qishda o‘qish bo‘lmasmish,
O‘qish bo‘lsa qishmasmish,
O‘qishga borganlarga
Sovuq ta’sir qilmasmish.
Qarorni o‘zgartirish
Vazirlikka ishmasmish,
O‘qishmi o‘qishmasmi,
Vazir o‘zi bilmasmish...
Yoki «Uzaytirilgan ta’tilning bekor qilinishining bekor qilinishi bekor bo‘ldimi».
Haftaning endi yarimiga keldik, anomal sovuq kelgusi haftagacha davom etadi. Ayting, ayting endi hokim bovalarimiz isitish tarmog‘iga ulanmagan trubani ushlab mastona jilmayganlaricha bizga savol nazari bilan qaramasinlar: issiqmi, issiqmasmi?
Bizga o‘xshagan odamlar mana bunday she’r to‘qib yurmasinlar:
Siz ushlagan quvurlar
Buzuqmi, buzuqmasmi
Xonalar hokimbobo
Issiqmi, issiqmasmi...
Barno Sultonova tayyorladi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter