Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon tumani sobiq hokimi oqlandimi? Oliy sud axboroti

Andijon tumani sobiq hokimi oqlandimi? Oliy sud axboroti

Tarmoqda jazo muddatini o‘tayotgan Andijon tumani sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev oqlangani haqida xabar tarqaldi. Oliy sud bu xabarga izoh berdi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudining 2023 yil 8 fevraldagi hukmiga muvofiq Abdujabbor Egamberdiyev (1974 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon tumani xokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi, 207-moddasi 1-qismi va 229-4–moddasi 2-qismi «a», «b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi va 61-moddasi tartibida 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

A. Egamberdiyev va uning himoyachisi tomonidan sudga o‘talmay qolgan mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi arizasi taqdim etilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 2024 yil 18 yanvardagi ajrimi bilan A. Egamberdiyevning arizasi qanoatlantirilib, u faqatgina o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 16 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Bugungi kunda A. Egamberdiyev unga sud hukmi bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari asosiy jazosini belgilangan tartibda probatsiya guruhi hisobida o‘tab kelmoqda.

Bundan ko‘rinadiki, A. Egamberdiyev oqlanmagan va uning oqlanganligi to‘g‘risida tarqatilgan xabar haqiqatga mos kelmaydi, deyiladi Oliy sud xabarida.

Eslatib o‘tamiz, ushbu sobiq hokim fuqarolarni hashamatli ayvonda qabul qilib mashhur bo‘lgan va dakki eshitgandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring