Buxorodagi «Alvasti osma ko‘prik» ta’mirlandi (video)
Yaqinda Buxoro viloyati, Vobkent tumanidagi «O‘zbakon» mahallasida joylashgan «Bodomcha» qishlog‘idan kesib o‘tuvchi kanal ustidagi osma ko‘prikning achinarli ahvolga kelib qolgani xususida «Alvasti osma ko‘prik»ni «jin» chalganmi, yoxud 63 yildan buyon yangilanmagan ko‘prikning bugungi ahvoli» sarlavhasi ostida videomaterial e’lon qilingan edi.
Unda odamlar hayoti uchun xavfli, ta’mirtalab va o‘ta qo‘rqinchli holatga kelib qolgan ko‘prik masalasi mutasaddilar e’tiboridan chetda qolib kelib qolayotgani xususida so‘z yuritilgan edi.
Videomaterial e’lon qilingach, Vobkent tumani hokimi Farhod Umarov «Xabar.uz» muxbiri bilan bog‘lanib, ushbu muammo bartaraf etilishi xususida munosabat bildirdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi ham aholining og‘riqli nuqtasiga aylanib qolgan ko‘prikni sozlash va ta’mirlash ishlari nihoyalanayotganini ma’lum qildi.
Aytish mumkinki, Amu Buxoro suvlari oqib o‘tuvchi kanal ustida 60- yillarda hashar yo‘li bilan tiklangan ko‘prikning odamlar hayoti uchun xavfga aylanib qolgani uzoq yillardan buyon barchani birdek xavotirga solib kelgan. Jamoatchilik aralashuvi bilan tuman hokimi tavsiyasi hamda mahalla ahlining hashar yo‘li bilan birlashuvi ko‘prikning bir necha kun ichida ta’mirlab, sozlanishiga turtki bo‘ldi.
«Haqiqatan ham bir necha yildan beri turli mutasaddi tashkilotlaru, qator ommaviy axborot vositalariga murojaat qilganmiz. E’tibordan chetda qolib kelgan, to‘g‘risiyam shu! «Xabar.uz» muxbirlarining qat’iy aralashuvi muammoning bir necha kun ichida hal etilishida sabab bo‘ldi»,— deydi «Bodomcha» fuqarosi Islom Ilhomov.
Mahallaning boshqa fuqarolari ham bir tomonga og‘a boshlagan, simto‘rlari allaqachon uzilib, oyoq ostidagi temirlar yemirilgan, yog‘ochlari yorilib tushib ketgan ko‘prikdan endi asar qolmagani, uning soz, ko‘rkam va xavfsiz ko‘rinish kasb etayotganidan mamnunlik bildirishgan.
«Haqiqatan ham to‘liq qayta ta’mirga muhtoj ko‘prikdan yoshi kattalargina emas, bolalarning ham o‘tishayotgani barchamizni xavotirga solardi. Tuman hokimimizning tavsiyasi hamda ko‘magi bilan bir necha kun ichida osma ko‘prik qayta tiklangandek bo‘ldi. Masala yechimi boshida turgan keng jamoatchilik aralashuvi ijobiy natijaga xizmat qildi», — dedi O‘zbakon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘xta Safarov.
Tuman mutasaddilarining e’tibori hamda aholining hamjihatlik bilan uzoq yillardan buyon oqsab kelayotgan masalaning bartaraf etilishida bir tanu bir jon bo‘lishgani barchamizni birdek xursand qildi. Ko‘prik buzgan emas, ko‘prik tiklagan xayrli, deb bejizga aytishmagan.
Laylo Hayitova.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter