An’ana davom etadi. AKT vaziri soha nashridan xabar oldi
Ertaga, 21-mart kuni «Xabar» gazetasining ilk soni chiqqan kun. Tahririyat jamoasi uchun qo‘shaloq bayram. Bundan 29 yil oldin respublika bosma nashrlari qatoriga «Xabar» ham qo‘shilgandi. O‘shandan buyon gazeta axborot texnologiyalari sohasini yoritib kelmoqda.
Gazeta soha xodimlarining yaqin do‘stiga aylangani ham bor gap. Soha haqida yozib, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan talaba rahbarlar nazariga tushib, ishga qabul qilingani ham, samarqandlik og‘ir dardga chalingan bemor qizga yordam kerak, degan maqola e’lon qilinganda andijonlik shifokor o‘z tashabbusi bilan shu bemor qizning davolagani ham bor gap. Tahririyatda jurnalist sifatida shakllanib, o‘z o‘rnini topganlar ham bisyor. Xullas, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga ixtisoslashgan ijodkorlar uchun «Xabar» alohida maktab bo‘lgani ayni haqiqat.
Xodimlar har Navro‘z bayrami arafasida gazeta dunyo yuzini ko‘rgan kunga alohida tayyorgarlik ko‘rishadi. Sodiq o‘quvchilar ijodiy jamoani qo‘ng‘iroq qilib tabriklashadi, kimdir bir dasta gul ko‘tarib keladi, va tabiiyki, bu ijodkorlarni yanada ruhlantirib yuboradi. Qo‘shaloq bayramni nishonlashning gashti ham o‘zgacha bo‘ladi.
Mana uch yildirki, yana bir an’ana shakllandi. Gazeta muassisi nomidan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov «Xabar»chilar holidan xabar oladi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Vazir Navro‘z ayyomi hamda gazeta tashkil topgan kun bilan tahririyat xodimlarini tabrikladi, ezgu niyatlar bildirdi. Ijodiy rejalar bilan tanishdi, muammoli masalalar bo‘lsa, yechimiga tayyorligini bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter