Akademik Tursunboy Rashidov vafot etdi
Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi sohasidagi atoqli olim, Fanlar akademiyasi akademigi Tursunboy Rashidov 2020-yil 7-oktyabrda 86 yoshida vafot etdi.
T.Rashidov 1934-yil 27-mayda Toshkent shahrida tug‘ildi.
1956-yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) tugatib, ushbu ilmiy dargoh aspiranturasida tahsil oldi. 1964-yilda nomzodlik, 1972- yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylangan.
Iste’dodli olim o‘zining qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Fanlar akademiyasining M.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlarning seysmik mustahkamligi instituti laboratoriya mudiri, direktori, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti rektori, Fanlar akademiyasining hay’at a’zosi, bosh ilmiy kotibi, akademik-kotibi, vitse-prezidenti va boshqa lavozimlarda ishlagan.
T.Rashidov O‘zbekistonda murakkab tarmoqli yer osti inshootlarining seysmodinamik nazariyasi asoschisidir.
Akademik T.Rashidov Beruniy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan.
Xabar.uz marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter