Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid Prezident farmoni e’lon qilindi

Aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid Prezident farmoni e’lon qilindi

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.

Unga muvofiq, 2021-yil 10-dekabrdan boshlab bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tartibi doirasida:

daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga Davlat budjetidan subsidiyalar to‘lashda kvartira maydonining eng ko‘p me’yorini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan har yili bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori va dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya miqdori tasdiqlanadi;

subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan shaxslar ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning uy-joy qiymatining kamida 5 foiziga teng bo‘lgan qismini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantiradi;

sotib olinadigan kvartira joylashuvi, qiymati va maydonidan qat’i nazar, dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – qat’iy belgilangan 32 million so‘m miqdorida, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – birinchi besh yil davomida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi;

dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sotib olinayotgan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda ham to‘lanadi. Bunda, sotib olinadigan kvartiraning narxi ipoteka kreditining eng ko‘p miqdoridan oshgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan o‘z mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan dastlabki badal summasini oshirish orqali to‘lanadi;

fuqarolarga ipoteka kreditini olishda, birgalikda qarz oluvchi sifatida ular bilan birga yashamayotgan va yaqin qarindoshi bo‘lmagan boshqa shaxslarni ham jalb qilish huquqi beriladi;

Moliya vazirligining resurslari tijorat banklariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ orqali joylashtiriladi;

tijorat banklariga qarz oluvchi tomonidan to‘langan dastlabki badal miqdori, uning qarz yuki ko‘rsatkichi, imtiyozli davr muddati va boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, subsidiyasiz ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha tabaqalashtirilgan foiz stavkalarini o‘rnatish huquqi beriladi.

Ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion g‘oliblariga lot qiymatining 30 foizini auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, qolgan qismini 12 oy davomida teng miqdorda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;

2022-yil 1-yanvardan boshlab pudrat tashkilotlariga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan qurilishi tugallanmagan, tom yopish ishlari bajarilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga taqdim etishga ruxsat etiladi;

2023-yil 1-yanvarga qadar:

sement mahsuloti (TIF TN kodi 2523) va energiya tejamkor bazalt qoplamalari (TIF TN kodi 6806 1000 08) importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi;

«Yangi O‘zbekiston» massivlarida, shuningdek, oldingi yillarda barpo etilgan massivlarda va ularning bo‘sh turgan yer uchastkalarida uy-joy quruvchi tashkilotlar uchun sement hamda metall prokatini sotish bo‘yicha alohida birja savdo seksiyasi joriy qilinadi;

2024-yil 1-yanvarga qadar ro‘yxati 4-ilovada ko‘rsatilgan yangi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Kafillik va kompensatsiyalar Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda – 5 va undan yuqori qavatli uy-joy qurilishi uchun ajratilgan va bitta uy-joy uchun kreditning 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha beriladi.

Bunda, kafillik va kompensatsiyalar qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joydagi jami kvartiralar sonining kamida 70 foizi maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan kvartiralar tashkil etganda beriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring