Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘oniston aholisi ochlik xavfi ostida. O‘zbekiston insonparvarlik yordami jo‘natdi (foto)

Afg‘oniston aholisi ochlik xavfi ostida. O‘zbekiston insonparvarlik yordami jo‘natdi (foto)

Foto: «Uza.uz»

2017-yil so‘nggi oylari va 2018-yil boshlarida Afg‘oniston hududining uchdan ikki qismida qurg‘oqchilik kuzatildi. Oqibatda qishloq xo‘jaligini sug‘orishda muammolar yuzaga kelib, bug‘doy yetishtirish keskin kamayib ketdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat natijasida Afg‘onistonning 2.3 million aholisi ochlikda qolishi ehtimoli bor, deb xabar bermoqda «O‘zA».

Joriy yilning 28-may sanasida Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti dunyo hamjamiyatini yuzlanib mamlakatga insonparvarlik yordamini berishga chaqirgan edi. Prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistonning 34 viloyatidan 16 tasi tamomila qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotganini ma’lum qilgan. Mamlakatning ko‘pgina suv omborlari qurib qolgan. Bu esa aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashda qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Afg‘oniston davlati o‘z aholisiga moddiy yordam ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, odamlarning asosiy qismi ocharchilikda qolishi mumkin. Tabiiy ofat asosan mamlakatning shimoliy qismida kuzatilmoqda.

O‘zbekiston qo‘shni davlat hukumatining dunyo hamjamiyatini mamlakatga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish borasidagi chaqirig‘iga birinchilardan bo‘lib javob yo‘lladi, qardosh davlat aholisiga yordam qo‘lini cho‘zdi.

2018-yilning yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika hadya qilingan edi. Shuningdek, mamlakatimiz ko‘magi bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i barpo etilgan.

Joriy yilning 5-iyun kuni Afg‘onistonga O‘zbekistonning yana bir insonparvarlik ko‘magi yo‘llandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan qo‘shni Afg‘on Islom Respublikasiga 3 ming tonna un (50 ta temir yo‘l vagonlari 1 mlrd. 700 mln. so‘m – 2 mln. AQSh dollari miqdorida) yordam sifatida yuborildi.

Afg‘onistonning qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan aholisi uchun ajratilgan un-don mahsulotlari O‘zbekiston temir yo‘llarining «Sho‘rchi» bekati orqali Hayratonga yetkazildi.

Hayraton shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha vakili Ismatilla Ergashev, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi (Mozori Sharif) konsullik idorasi konsuli Mirodil Abdurazzoqov, Afg‘onistonning O‘zbekistondagi (Toshkent) Favqulotda va muxtor elchisi Sayyid Shahobiddin Temuriy va ikki hukumat a’zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring