8 mingdan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari qayta tiklandi

Bosh prokuraturaning tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 15 fevraldagi «Prokuratura organlarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlashdagi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bilan tashkil etilgan edi.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida tadbirkorlik sub’yektlaridan kelib tushgan 2462 ta murojaat hal etilib, shundan 1073 tasi qanoatlantirilgan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari va tekshirishlar natijasiga ko‘ra 8.109 nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan. Noqonuniy qarorlarni bekor qilish va qonunchilikka muvofiqlashtirish yuzasidan 377 ta protest, qonunbuzilish holatlari kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan 111 ta taqdimnoma, sudlarga tadbirkorlik sub’yektlari manfaatida 1 mlrd. 392 mln. so‘mlik 129 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 101 nafar mansabdor shaxs intizomiy, 103 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan, aniqlangan qo‘pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 62 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Masalan, «Yermulkkadastr» davlat korxonasi Oltinko‘l tuman filiali rahbari X.T. YaTT X.A.dan bino va inshootlari joylashgan yer maydonini rasmiylashtirib berish evaziga pora talab qilib, 500 AQSh dollarini xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Yoki Qo‘qon shahar DSI xodimlari «OQJAR PORLOQ KELAJAGI» MChJning faoliyatini tekshirish uchun asos hujjatlarni soxtalashtirgan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining muammolarini o‘rganish va ularga amaliy yordam berish borasida ko‘rilgan choralar natijasida 6.950 nafar tadbirkorlik sub’yektiga amaliy yordam berilgan, shu jumladan, 1.340 nafariga kredit, 531 nafariga yer maydoni, 77 nafariga bino ajratilishida, 743 nafariga muhandislik kommunikatsiya tizimlariga ulanishda, 318 nafariga litsenziya (ruxsatnoma)lar berilishida hamda 3.941 nafariga boshqa masalalarda yordam ko‘rsatilgan.
Jumladan, prokuratura aralashuvi bilan «Mega yunion biznes» MChJga AT «Ipoteka bank» Surxondaryo filiali tomonidan 4 mlrd. so‘m kredit mablag‘i ajratilishi ta’minlandi.
Xususan, Ishchi guruh hamda viloyat hokimlari va prokurorlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligidagi viloyat ishchi guruhlari, o‘z navbatida tumanlar ishchi guruhlari tomonidan respublikadagi 2100 dan ortiq eksport bilan shug‘ullanuvchi korxonalar ro‘yxati shakllantirilib, mazkur korxonalar rahbarlarining har biri bilan yuzma-yuz uchrashildi.
Bundan tashqari, belgilangan eksport prognozlari bajarilishi tahlilini yuritish uchun alohida (impex.prokuratura.uz) sayt tashkil etilgan, endilikda barcha eksport mahsulotlarning ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilib borish imkoniyati mavjud.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter