500 dan ziyod tadbirkor «Ready4Trade Markaziy Osiyo» loyihasi doirasida eksportchilar uchun kurslarda ta’lim oldilar
2022-yilda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining rahbarlari uchun eksport hamda xalqaro savdo qoidalarini o‘rgatuvchi yangi o‘quv dasturi joriy etilgandi. Kurslarda tadbirkorlar ham onlayn, ham oflayn shaklda bepul o‘qiydilar.
Ushbu o‘quv dasturidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistondagi kichik va o‘rta kompaniyalarga o‘z eksport salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishda yordam berish va shu orqali milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligining o‘sishiga uzoq muddatli ijobiy ta’sir ko‘rsatishdan iborat. 2022-yil 21-sentyabrdan buyon o‘quv dasturi doirasida o‘zbekistonlik 500 dan ziyod tadbirkor tahsil oldi. Biznesmenlarga taklif etilayotgan kurslar qatorida eksport taomillari, xalqaro savdo qoidalari, tranzit logistika yo‘nalishlari, sifat va muvofiqlik standartlari, shuningdek Yevropa Ittifoqi bozor talablari kabilar mavjud.
O‘quv materiallari Xalqaro savdo markazi (ITC) – Jahon savdo tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘shma agentligi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan Ready4Trade Markaziy Osiyo loyihasining bir qismi sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu loyihaning faoliyatini muvofiqlashtirib, eksport hamda xalqaro savdo qoidalarini o‘rgatish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi, zero eksportni kengaytirish O‘zbekistonni iqtisodiy rivojlantirishdagi eng muhim ustuvorliklar sirasiga kiradi.
O‘quv dasturi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi «O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining ilmiy asoslari va muammolari» ilmiy-tadqiqot markazi bazasida amalga oshiriladi. Universitet ushbu xalqaro loyihaning O‘zbekistondagi institutsional hamkori bo‘ldi.
«Onlayn va oflayn kurslar ishtirokchilari noyob bilimlarga ega bo‘ladilar, chunki dastur O‘zbekistonda eksportchilar duch keladigan muayyan muammolarga asoslangan. Xalqaro savdo markazining texnik ekspertizasi va keng professional kontaktlar tarmog‘i tufayli, tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga o‘zlariga qulay shaklda, bepul javob olishlari mumkin»,- qayd etdi ilmiy-tadqiqot markazi direktori Muhiddin Kalonov.
O‘tgan yilda trenerlar Toshkentda, shuningdek O‘zbekistonning bir qancha hududlari, jumladan, Farg‘ona va Urganchda oflayn-seminarlar seriyasini o‘tkazdilar. Dasturni muvaffaqiyatli yakunlagach, ishtirokchilar kurs o‘tilganini onlayn tasdiqlovchi sertifikatlarga ega bo‘ldilar. 2023 yilda, poytaxtdan tashqari, Samarqand, Buxoro va Namanganda ham seminarlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Joriy yilda instruktorlar rahbarligida birinchi seminar 30 yanvarda Toshkentda o‘tkaziladi. Oflayn seminarlarlarda qatnashish uchun quyidagi havola orqali ro‘yxatdan o‘tish mumkin: https://bit.ly/3FDVAKQ
Ta’lim ikki shaklda – trenerlar rahbarligida oflayn seminarlarda va maxsus o‘quv platformasida onlayn rejimda o‘tishi sababli, har bir qiziqqan tadbirkor eksport asoslarini o‘ziga eng qulay usulda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
«O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangi bozorlarga chiqish o‘z bizneslari ko‘lamini kengaytirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, kelgusida xorijda shuhrat qozonishi mumkin bo‘lgan mahalliy brendlarni yaratish mamlakat obro‘siga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», - qayd etdi TDIU professori Abdurashid Qodirov.
O‘quv dasturida barcha qiziqqanlar tahsil olishlari mumkin, buning uchun UzExportAcademy platformasida ro‘yxatdan o‘tish, kerakli kursni tanlash va ta’lim olishni boshlash, bu bilan eksportga chiqish yo‘lidagi ilk qadamni tashlash kifoya.
___________________________
Ready4Trade Markaziy Osiyo – YeI moliyalashtiradigan va Xalqaro savdo markazi tomonidan mahalliy sheriklar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladigan to‘rt yillik loyiha. Ready4Trade Markaziy Osiyo benefitsiarlari hukumatlar, kichik va o‘rta korxonalar, jumladan ayollar rahbarlik qiladigan korxonalar va biznes rivojini qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar sanaladi.
Loyiha to‘g‘risida batafsilroq ma’lumot: https://ready4trade.intracen.org/ru
UzExportAcademy o‘quv platformasi sayti: https://uzexport.learning-solutions.cloud/
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter