25 yilga qamalgan qotil matematikani o‘rganishni boshladi va ilmiy kashfiyot qildi
Chorak asrga ozodlikdan mahrum etilgan Kristofer Xevens Vashington qamoqxonasida jazoni o‘tayapti — qotillik qilgan. Panjara ortiga tushgan Kristofer o‘zgarishga qaror qildi va boshlanishiga ilmiy ish qildi... G‘aroyib voqea haqida «Popular Mechanics» yozmoqda.
Hammasi Xevens bir kishilik kamerada o‘tirganida matematikaga qiziqib qolganidan keyin boshlandi. Biroq qamoqxonada adabiyotlar taqchil, murabbiylarni-ku aytmasayam bo‘ladi. Azbaroyi qiziqish ustunligidan Xevens «Annals of Mathematics» jurnaliga obuna qilishlarini so‘rab xat yozadi.
Maktub kimyo fani doktori Marta Cherrutining qo‘liga borib tushadi.
«Qiziqqanlar shaxsiy foydalanishlari uchun «Annals of Mathematics»ga obuna bo‘lish to‘g‘risida ma’lumot qidiryapman. Vashingtondagi jazoni o‘tash muassasasida 25 yillik muddatni o‘tayapman, bu vaqtda o‘z ustimda ishlashga qaror qildim. Hisoblash va sonlar nazariyasini o‘rganyapman, sonlar bilan ishlash hayotim mazmuniga aylandi. Menga jurnalingiz haqida ma’lumot jo‘nata olmaysizmi?», degan mazmunda yo‘llangandi xat.
Xatining yakunida Kristofer matematikani mustaqil o‘rganayotgani, ba’zida ayrim narsalarni tushunishi uchun juda ko‘p vaqt ketayotganidan shikoyat qiladi. Mahkum o‘ziga yordam bera oladigan matematiklar bilan yozishmalar olib borishga izn so‘ragandi. Uning baxtiga Marta Cherrutining otasi Umberto Turing universiteti professori, sonlar bo‘yicha nazariyachi olim edi.
Umberto mahkumni imtihon qilib ko‘rish uchun topshiriq yozib jo‘natadi. Javob ko‘p kuttirmadi, pochta orqali uzun va murakkab formula yozilgan 120 santimetrli qog‘oz keldi. Professorni hayratlantirgani yozilganlarning barchasi benuqson edi.
Shundan so‘ng Umberto mahkumni o‘zining doimiy kasrlar muammolariga bag‘ishlangan ishiga taklif etadi. Olim bilan bir yil davomida olib borilgan yozishmalar, fikrlar almashinuvi natijasida mahkum ilmiy kashfiyot muallifiga aylandi. Ilmiy ish natijalari «Researcher in Number Theory» jurnalida 2020-yilning yanvarida chop etildi.
Kristofer Xevens muallifligidagi ilmiy ishda ulkan raqamlar aproksimatsiyasining ba’zi qonuniyatlari birinchi marta isbotlab berildi. Bularning barchasiga Kristofer oddiy ruchka va qog‘oz hamda italiyalik olimlar bilan yozishmalar olib borish imkoniyati hisobiga erishdi.
Biroq Kristofer Xevens chinakam matematik sifatida to‘laqonli faoliyat yuritishni boshlash uchun uzoq kutishiga to‘g‘ri keladi — yana 16 yil qoldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter