Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2019-yilgi «Yosh kitobxon» tanloviga arizalar 15-mayga qadar qabul qilinadi

2019-yilgi «Yosh kitobxon» tanloviga arizalar 15-mayga qadar qabul qilinadi

Foto: Yoshlar media markazi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Yosh kitobxon» tanlovining 2019 yilgi Nizomi ham tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilarning arizalari 15-may kuniga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman, shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi. Ariza topshirgan yoshlar adabiyotlar ro‘yxati asosida o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berish orqali saralanadi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2 balldan belgilanadi. Test natijalariga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan 15 nafar ishtirokchilar keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, har yili iyun oyida barcha tuman, shaharlar miqyosida saralash bosqichida 86 va undan yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘rtasida «O‘zbek adabiyoti bilimdoni» va «Jahon adabiyoti bilimdoni» shartlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, har yili avgust-sentyabr oylarida «Buyuk mutafakkir va adib» hamda «Badiiy asarlar bilimdoni» shartlari asosida teletanlov shaklida bo‘lib o‘tadi. Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan jami 3 nafar ishtirokchilar Respublika bosqichi uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi.  

So‘nggi bosqich  tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili noyabr-dekabr oylari davomida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni», «Jahon adabiyoti bilimdoni», «She’riyat» hamda «Buyuk mutafakkir va adib» kabi 4 ta shart bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tanlovning Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan 3 ta yosh toifasidagi ishtirokchilarning har biri «Prezident sovg‘asi» sifatida yengil avtomobil, diplom va «Yosh kitobxon» statuetkasi bilan taqdirlanadi. Uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alarga sazovor bo‘ladi. Uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biriga 100 tadan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari berilib, tashkilotchilarning maxsus sovg‘alarini qo‘lga kiritadi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring