Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2018-yildan ziyorat qilish narxlari oshirilishi mumkinligi aytildi, ammo Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hozircha jim!

2018-yildan ziyorat qilish narxlari oshirilishi mumkinligi aytildi, ammo Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hozircha jim!

Foto: «Religions.uz»

Saudiya Arabistonida haj xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar tariflari ko‘tarilishi munosabati bilan 2018-yildan ziyorat qilish narxlari oshirilishi mumkin. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ajablanarlisi, mamlakatning bosh axborot agentligi bu xabarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ijtimoiy va diniy tashkilotlar bilan aloqa masalalari bo‘yicha kotibiyatiga tayanib xabar bermoqda. Kotibiyatdan ma’lum qilishlaricha, joriy yil haj safariga borish narxi oshishi mumkin.

Savol tug‘iladi: Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu haqda qachon bayonot berarkin (ushbu xabar saytga joylanayotganda bu haqda bir satr ham ma’lumot berilmagandi)? Yoki haj va umra safari narxlarining oshishi faqat qoraqalpog‘istonliklargagina taalluqlimi?

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning 28-dekabrida «Xabar.uz» kolumnisti Davronbek Tojialiyev «Haj ziyorati narxi qancha» nomli maqola e’lon qilgan, unda «Do‘mbirobod» masjidining rasmiy imomi Shermurod Tog‘ay domlaga tayanib, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj narxi 45 mln. so‘m bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Imom bu xabarni O‘zbekistonda valyuta bozorining erkinlashtirilishi oqibatida bozor va davlat kurslari bir xil bo‘lgani uchun so‘mda Haj narxi oshib ketgani bilan izohlagan edi

Maqola o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Haj ziyorati narxi uchun belgilangan narx, ya’ni 45 mln. so‘m bugungi kurs bilan 5541 AQSh dollarini tashkil etishi, bu ma’lumot ijtimoiy tarmoqda turli fikrlar, tortishuvlarga sabab bo‘layotgani aytilgan hamda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Hajga mas’ul tashkilotlar bunga o‘z munosabatlari va narx bo‘yicha izohlarini berishlari so‘ralgan edi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati bunga rasman izoh berib, «internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Haj mavsumining narxi masalasida bildirilgan ma’lumot fuqarolar orasida turli xil asossiz muhokamalarga sabab bo‘layotganini» bildirdi.

Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshiriladi. Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvdan so‘ng boshlanadi. Ushbu uchrashuvda haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalari muhokama qilinadi.

Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning matbuot xizmati hozircha 2018-yil uchun «Haj» va «Umra» ziyoratlari narxi belgilanmagani, mazkur masala 2018-yilning yanvar oyida bo‘lib o‘tadigan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi.

Aftidan ushbu xabarda aytilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan ko‘rinadi. Aks holda respublikaning bosh rasmiy manbasida bu xabar chiqmagan bo‘lardi. Yig‘ilishda ziyoratchilar tomonidan to‘lanadigan mablag‘ muhokama qilinib, narx belgilanishi va bu haqda rasman ma’lum qilinishi aytilgan, fuqarolarimizdan mazkur masalalarda mutasaddi vazirlik va idoralar bergan ma’lumotlarga e’tibor qaratishlarini har qanday noxolis ma’lumotlarga ishonib ketavermasliklarini tavsiya etilgan edi.

Bizni qiziqtirgani shuki, yig‘ilish bo‘lib o‘tgan ekan, yig‘ilish yakuni bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida axborot berilmayapti? Ushbu masalaga mas’ul idoralar bu haqda qachon axborot berishadi. Yoxud Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi ijtimoiy va diniy tashkilotlar bilan aloqa masalalari bo‘yicha kotibiyatiga ma’lum bo‘lib ulgurgan masala, ularga noma’lummi?

Eslatib o‘tamiz, 2017-yildan boshlab o‘zbekistonlik fuqarolar uchun haj kvotasi 7200 nafar qilib belgilangandi (ilgari bu ko‘rsatkich 5200 nafar edi). 2018-yildan 10000 nafar ziyoratchilar Umraga yuborilishi ma’lum qilingan. Joriy yilning bahorida 8500 nafar, ramazon mavsumida 1500 nafar yurtdoshlarimiz umra ziyoratini ado etishi belgilangan. «Umra — 2018» bahor mavsumi 2018-yil 1-fevraldan boshlanishini rejalashtirilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring