2018-yil uchun Haj ziyorati narxi belgilandi
«Haj-2018» mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
«O‘zbekistonda Haj va Umra mavsumlarini namunali tashkil etish ishlari «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda.
Haj mavsumiga tayyorgarlik ishlari O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vaziri bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuviga asosan mavsumni namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazishga kelishib olindi», — deyiladi xabarda.
Mavzuga doir:
Haj ziyorati narxi qancha?
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish uchun soha mutaxassislaridan iborat 230 nafar malakali ishchi guruhi, guruh rahbarlari, tibbiyot guruhi, oshpazlar guruhi safarbar etiladi. Mazkur ishchi guruhi haj mavsumida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin va to‘la-to‘kis amalga oshirishlarini ta’minlaydilar.
«Ziyoratchilarimizga muqaddas shaharlarda joylashgan eng zamonaviy hamda barcha sharoitlarga ega bo‘lgan mehmonxonalar xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar nafaqat mehmonxonalarda balki, Mino-Muzdalifa-Arafot vodiylarida ham uch mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy va tibbiy xizmat bilan ta’minlanadilar. Shuni ta’kidlash zarurki, bu xizmatlar qo‘pgina boshqa davlatlar ziyoratchilariga ko‘rsatilmaydi», — deya ta’kidlanadi xabarda.
Xabarda 2018-yilgi Haj mavsumi ziyoratchilarini saralashda uning moddiy va jismoniy jihatdan «Haj» safariga tayyorligi, avval Hajga bormaganligi, islom dini va Haj ibodati haqidagi tushunchalari, ma’naviyati, ma’rifati va odob-ahloqi, mahalladagi obro‘-e’tibori, oilasidagi muhitning sog‘lomligi va farzandlarining ijobiy tavsiflanishi, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashga qo‘shayotgan hissasi, yo‘ldan adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularning ijtimoiy moslashuviga yordam berishiga alohida e’tibor qaratilgani qayd etiladi.
Bu yilgi haj mavsumi tashkiliy ishlari boshlandi. Ziyoratchilarni turli kasalliklarga qarshi vaksina bilan emlash ishlari joriy yilning 25-aprel kuniga qadar davom etishi belgilandi. Shuningdek, 2018-yilgi Haj mavsumi uchun sarf xarajatlari eng yuqori darajada ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarni e’tiborga olgan holda hamda Jamoatchilik kengashining qaroriga asosan 38 mln. so‘m etib belgilandi. Bunda albatta O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi ham e’tiborga olingan.
Mavzuga doir:
Haj ziyorati nega qimmat? Nega shartlari murakkab?
Bugungi kunda Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan haj mavsumida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha soliq to‘lovlarini joriy etilishi, xizmat ko‘rsatish sifatini eng yuqori darajada tashkil etish, Madina va Makka shaharlaridagi mehmonxonalarda qulay sharoitlar yaratish, Mino, Arafot, Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarning ibodatlarini emin-erkin bajarishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter