1-yanvardan bizni qanday o‘zgarishlar kutmoqda? (3-qism)
Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan hujjatlar va boshqa eng muhim o‘zgartirishlar sharhining uchinchi qismini ham e’lon qildi.
Mavzuga oid: 1-qism. Qisqarayotgan hujjatlar va vakolatlar
Mavzuga oid: 2-qism. Bojlar miqdori pasayadi, soliq imtiyozlari beriladi
3-qism. Elektron mehnat daftarchasi, avtomatlashtirilgan yo‘l haqi to‘lash tizimi va boshqalar
- 2020-yil 1-yanvardan boshlab:
- 2023-yil 1-yanvarga qadar Milliy katalog va Reyestrga kiritilgan hunarmandlar uchun kalendar yili davomida hunarmandchilik mahsulotlarini (ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan tushumi 100 mln so‘mdan 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdori uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yagona soliq to‘lov stavkasi 2 foiz miqdorida to‘lanadi;
- hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha yangidan davlat ro‘yxatidan o‘tishda to‘lanadigan davlat boji yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun amalda belgilangan davlat boji miqdorining 50 foizi miqdorida o‘rnatiladi;
- Milliy katalogga kiritilgan hunarmandlarga shogirdlar soni bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.
- Majburiy ijro byurosining ko‘rsatilayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning to‘liqligi va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, iste’molchilarning qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha funksiyalari «O‘zsuvta’minot» AJ va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga o‘tkaziladi.
- Toshkent shahrida «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
- Quyidagi talablar bekor qilinadi:
- tadbirkorlik sub’yektlari – yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi bo‘yicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
- davlat soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchilar tomonidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng arizani hamda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulk, uning mulkdorlari to‘g‘risidagi ma’lumotni bevosita qog‘oz ko‘rinishda taqdim etish;
- meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik sub’yektlaridan to‘lov undirish.
- Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi sport maktablarining direktorlari, direktor o‘rinbosarlari, trener, instruktor-metodistlari hamda olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlarining trener, instruktor-metodistlarining bazaviy tarif stavkalari o‘rtacha 1,35 baravarga oshiriladi.
- Davlat maqsadli jamg‘armalari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari g‘aznachilik ijrosi bilan to‘liq qamrab olinadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlari va xarajatlari O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiritiladi.
- Tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi.
- Notijorat maqsadlar uchun O‘zbekistonning Davlat chegarasidan o‘tish punktlari orqali qo‘l yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kurerlik jo‘natmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘i o‘rniga yagona bojxona to‘lovini to‘lashni nazarda tutuvchi bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qo‘l yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta jo‘natmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish o‘rovining majburiy mavjudligi to‘g‘risidagi talab o‘rnatiladi.
- Quyidagilar joriy etiladi:
- «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi («YaMMT» IDAK);
- yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga o‘zgartirish kiritish, shuningdek ularni tugatish holatlarini «YaMMT» IDAKda majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi;
- «YaMMT» IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan xodimning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi elektron mehnat daftari.
- Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini, shuningdek, ularni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etiladi.
Budjet mablag‘larini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan o‘tkazish va ro‘yxatga olish talabi suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.
Hosildorligi past bo‘lgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun paxta xom ashyosi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi korxonalarini Davlat budjeti hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi bekor qilinadi.
- Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining o‘zini o‘zi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni kreditlash Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi bo‘yicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, «Mikrokreditbank» ATB va «Agrobank» ATB (vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi.
Kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi.
Mazkur dasturlarni moliyalashtirish uchun tegishli jamg‘armalar tomonidan ajratiladigan resurslarning 2020-2022-yillarda so‘ndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi, bunda resurslar bo‘yicha foiz stavkasi qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.
- 2020-yil 1-yanvardan boshlab «Uzbekistan Airways» AJning xorijdagi vakolatxonalarining barcha tushumlari (ekspluatatsiya xarajatlari va vakolatxonalarni saqlash xarajatlaridan tashqari) majburiy tartibda O‘zbekiston tijorat banklaridagi hisobraqamlarga tushadi.
- Davlat ulushi 50%dan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan o‘rnatiladigan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi.
Shuningdek, quyidagilar ichki bozorda faqat birja savdolari orqali sotiladi:
- texnik moy, omuxta yem, xo‘jalik sovuni, neft eritkichi, neft parafini va mis kuporosi;
- mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan shakar (respublikaning olis va yetib borish qiyin bo‘lgan hududlarida joylashgan iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida o‘z savdo tarmoqlari orqali sotiladigan, umumiy ishlab chiqarish hajmining 10 foizidan oshmaydigan hajmi bundan mustasno);
- isitish yoqilg‘isi, yoqish mazuti, suyultirilgan gaz va neft bitumi (maxsus iste’molchilarga o‘rnatilgan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali sotiladigan hajmlar bundan mustasno).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter