Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?

1-oktyabrdan nimalar o‘zgaradi?

2023-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.

Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshiriladi

Tadbirkorlar «Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash» kompleks dasturida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Biznesni rivojlantirish banki   dasturni amalga oshirish va takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank etib belgilanmoqda.

2023-2026-yillarda Dasturni amalga oshirish uchun:

  • davlat mablag‘lari hisobidan – 6 mlrd so‘m;
  • xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan – $1,2 mlrd yo‘naltiriladi.

Elektr ta’minoti va gaz uchun tariflar o‘zgarmoqda 

Yoqilg‘i-energetika resurslariga yangi tariflar belgilanmoqda. Shu bilan birga, joriy kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti xizmatlari bo‘yicha aholi uchun narxlar oshirilmaydi.

Oltita hududda kadastr muhandisi instituti joriy etiladi 

Ko‘chmas mulk bo‘yicha kadastr muhandisi instituti uy-joy fondiga oid ko‘chmas mulk ob’yektlariga nisbatan Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida joriy etiladi.

Davlat suv omborlari ijaraga beriladi 

Quyidagilar tadbirkorlik sub’yektlariga «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn auksion orqali ijaraga beriladi:

  • davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari;
  • suv omborlari hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari.

Ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar xizmati baholanadi 

«Umra» xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etiladi.

Poytaxtdagi DXSh loyihalari uchun alohida qoidalar

Davlat idoralarining munitsipal mulki haqidagi ma’lumotlar «Raqamli Toshkent» dasturiga kiritiladi.

Poytaxtda ayrim ob’yektlar (to‘liq ro‘yxat – shu yerda) negizida «Toshkent invest kompaniyasi» AJ  tomonidan qiymati 1 mln AQSh dollarigacha bo‘lgan DXSh loyihalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi.

Ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha murojaatlar -  yagona tizim orqali

«Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi  Prezident huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.

Aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar mazkur axborot tizimi orqali qabul qilinadi.

IT-sohasini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari

Tadbirkorlik sub’yektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi. 

V2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va «bulutli» platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 % qismini qoplash tizimi joriy etiladi.

Loyiha hujjatlarini ekspertiza qilish sohasi  mutaxassislari sertifikatlanadi

Seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi bino va inshootlar buyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish va nazorat funksiyalarini amalga oshirish yo‘nalishlaridagi faoliyat yurituvchi mutaxassislarni sertifikatlash tartibi joriy etiladi.

Gaz harakati ustidan nazorat kuchaytiriladi

O‘zbekiston hududidan tabiiy gazni quvurlar orqali tashish (tranzit) xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan tabiiy gazni qabul qilish va uzatish nuqtalariga xroma tograf hamda elektron hisoblagichlar o‘rnatilishi va soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishi majburiy hisoblanadi.

Korporativ munosabatlar sohasi takomillashtiriladi

Qimmatli qog‘ozlar fond birjasining listingiga kiritilgan xo‘jalik jamiyatlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor etiladigan axborot va hisobotlar bilan bir qatorda pul mablag‘larining harakati hamda aksiyalar chiqarishning bir qismi bekor qilinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etadi.

Qimmatli qog‘ozlar fond birjasining listingiga kiritilmagan xo‘jalik jamiyatlari ro‘yxati qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan muhim faktlarni majburiy tartibda oshkor etmaydi, bundan tijorat banklari, sug‘urta tashkilotlari va ustav fondida davlat ulushi 50 % va undan yuqori bo‘lgan AJ, shuningdek ularning tarkibidagi AJlar mustasno.

Ish beruvchilar BHMning 3 baravari miqdorida subsidiya olishlari mumkin

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, davlat ulushi 50 % va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslardan tashqari) BHMning 3 baravari miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.

Davlat xizmatlari joylarga chiqqan holda amalga oshiriladi

Davlat xizmatlarini joyiga chiqqan holda ko‘rsatish yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ariza yuborish uchun Toshkent shahrida BHMning 50 foizi, viloyat markazlarida – BHMning 40 foizi, tuman (shahar)larda – BHMning 30 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undiriladi.  

Raqobatni rivojlantirish sohasida yangi qoidalar

Eksklyuziv huquqlar berilgan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning reyestri (ro‘yxati) joriy etiladi va ushbu reyestrni yuritish hamda xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan kamsitmaslik shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat Raqobat qo‘mitasiga yuklatiladi.

Raqobat qo‘mitasi bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga (ustun muzokara kuchiga) ega bo‘lgan sub’yektlarni aniqlaydi va ular tomonidan ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi.

10 mln so‘mdan yuqori moliyaviy sanksiyalar – sud orqali

Tadbirkorlik sub’yektlariga miqdori 10 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik sub’yekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring