1 mln AQSh dollari «ishlab olmoqchi» bo‘lgan uch shaxs qamoqqa olindi
Bo‘stonliqda 5 gektar bo‘sh yer maydoni 1 mln AQSh dollariga sotilishiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda IIV JQBB K va IJQKB axborot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining xabar berishicha, 2022 yil 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi IIVga fuqaro ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida 3 nafar fuqaro 2008 yilda «LD-TIB-MAHSULOT» MChJga Bo‘stonliq tumani «Xo‘jakent» MFY hududidan «Bolalar sport-sog‘lomlashtirish va dam olish oromgohi qurilishi» uchun ajratilgan 5 gektar yer maydonini, ularga nisbatan egalik huquqi berilmagan bo‘lsada, ushbu yer maydoniga oromgoh qurmasdan 2020 yilda o‘zlariga tegishli «VISTA GREEN TECHNOLOGIES» MChJ balansiga o‘tkazishga erishib, 1.000.000 AQSh dollari evaziga sotishga kelishib, oldindan 50.000 AQSh dollari bo‘nak sifatida so‘rayotganliklarini ma’lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur arizaga asosan, shu kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Yer resurslari talon-toroj qilinishiga qarshi kurashish bo‘limi, Bosh prokuratura Yer resurslari talon-toroj qilinishining oldini olish boshqarmasi hamda IJQK Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Toshkent viloyati, Zangiota tumani «Eshonguzar» MFYda joylashgan Notarial idorasi oldida fuqarolar ariza muallifidan sotilayotgan yer uchun avans sifatida 50.000 AQSh dollarini olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Holat yuzasidan IJQK Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushlangan shaxslar qamoqqa olingan. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter