Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1-avgustdan ayrim turdagi ma’lumotnomalarni so‘rash bekor qilinadi

1-avgustdan ayrim turdagi ma’lumotnomalarni so‘rash bekor qilinadi

Foto:«Protoday.uz»

Joriy yilning 1-avgustidan boshlab davlat idoralari tomonidan bir qator ma’lumotnomalar so‘ralishi bekor qilinadi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Bugungi kunda ushbu yo‘nalishda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Masalan, aynan Agentlik tashabbusi bilan, davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan beriladigan ma’lumotnomalar so‘ralishi bekor qilindi. Ushbu turdagi ma’lumotlar idoralararo aloqa orqali so‘rab olinish tartibi joriy qilindi.

Bu turdagi qulayliklarni davom ettirish maqsadida navbatdagi hujjatlar bekor qilinmoqda.

Unga ko‘ra, 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan

-jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari;

-soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar;

-soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar;

-to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni talab qilish taqiqlangan.

Misol uchun, joriy yilning 6 oyi davomida Davlat xizmatlari markazlariga fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish bo‘yicha 312 555 nafar fuqaro murojaat qilgan. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun fuqaroga kamida ikki marotaba murojaat etishi lozim edi (ariza berish va tayyor hujjatni olib ketish uchun). Bu esa, o‘z navbatida, ortiqcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilar edi.

Endilikda ushbu hujjatlar vakolatli organlardan faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etilishi nazarda tutilmoqda. Ya’ni idoralar o‘zaro aloqa vositalari orqali ushbu ma’lumotnomalarni talab qilib oladi, fuqarolarni bu bo‘yicha ovvora qilishga chek qo‘yiladi.

Ushbu hujjatlarni talab qilish, bir qarashda arzimas holat bo‘lib ko‘rinsa-da, ammo fuqarolar uchun ovoragarchiliklarni keltirib chiqarardi. Umuman olganda, endi 6 oyda bir millionga yaqin fuqarolarimiz vaqtlarini ortiqcha qog‘ozlar ortidan yurishgamas, balki o‘zlari uchun muhim bo‘lgan ishlarga bag‘ishlashi mumkin.

Yuqoridagilarga asosan 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan ushbu ma’lumotlarni talab qilish O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215(5)-moddasiga muvofiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb e’tirof etilib, mansabdor shaxslarni va xizmatchilarni ma’muriy javobgarlikka tortishga asos hisoblanadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring