1-apreldan Toshkentda ko‘chmas mulk olishda doimiy propiska talabi bekor qilinadi
«2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Loyihadan propiska tizimini isloh qilish masalasi ham o‘rin olgan. Unga ko‘ra, 2020 yil 1 aprelga qadar Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihalarda:
- 2020-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkka ega bo‘lishda doimiy propiska mavjudligi haqidagi talabni bekor qilish;
- O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan jismoniy shaxslardan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan ko‘chmas mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun undiriladigan davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish;
- ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda, asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish o‘rinlari yaratilayotgan hududlar o‘rtasida tafovutni bartaraf etish va ichki migratsiyani erkinlashtirish nuqtai nazaridan, propiska tizimini isloh qilish nazarda tutiladi.
Qayd etish lozimki, 2020-yil Davlat dasturi loyihasi 320 ta banddan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yilning 24-yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqildi. Uning doirasida jami qiymati 17,5 trln so‘m va $ 9,6 mlrdga teng loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Jamoatchilik muhokamalarida fuqarolar, xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idora mutaxassislari, biznes doira hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari turli davra suhbatlari, munozaralar, ochiq muloqotlar o‘tkazish orqali qamrab olinadi.
Keng jamoatchilik vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muhokamalar davomida kelib tushgan barcha fikr-mulohaza va takliflar natijasida Davlat dasturi loyihasi yanada takomillashtiriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter