Yangiyo‘lda «Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi» ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi ishga tushirildi. Unda birinchi mahorat darsi Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining tomorqachi, dehqon va fermerlari uchun tashkil etildi.
Mahorat darsida ishtirokchilarga yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Tomorqa xo‘jaligi to‘g‘risida»gi va «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunlarning mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi.
– Ushbu qonunlarning qabul qilingani qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan aholi uchun yangi qulayliklar yaratishda qo‘l kelmoqda, – deydi Rishton tomorka klasteri rahbari Hafizov Baxtiyor. – Misol uchun, tomorqa egalari endi yetishtirgan va qayta ishlagan mahsulotlarini erkin realizatsiya qila oladi hamda narx belgilay oladi. Shuningdek, o‘zi yetishtirgan oziq-ovqat mahsulotlarini bozorlar, savdo shoxobchalarida mustaqil ravishda yoki o‘z vakillari orqali bemalol sotadi.
Mahorat darsida shuningdek, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2018-2021 yillarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan 75,7 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar haqida ma’lumot berildi.
– Ushbu mablag‘lar evaziga o‘tgan davrda 1 ming 792 ta xonadonda 30,6 gektar maydonda issiqxona tashkil etildi, – deydi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori Sattarov To‘lqin. – 96 ta xonadonda 54 mingdan ortiq zotdor parranda, 59 ta xonadonda 1,3 mingdan ortiq asalari oilasi, 12 ta xonadonda 316 dan ortiq naslli qo‘y parvarish qilinmoqda. 424 ta xonadonning 746 gektar maydoniga urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berildi. Shuningdek, 379 gektarda bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Natijada 3 ming 562 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Imtiyozli kredit, subsidiya va boshqa preferensiyalar berilishi agrar tarmoqda mehnat qilayotgan aholi mehnatini osonlashtirmoqda. Misol uchun, qishloq xo‘jaligi ashyo-anjomlari va uskunalari, sug‘orish qurilmalari — nasoslar, artezian quduqlar va boshqalarni sotib olishda berilgan imtiyozlar yutuqlarning garovi bo‘lmoqda.
Seminarda viloyatlardan kelgan dehqon va fermerlar turli masalalarda o‘zaro tajriba almashdi, o‘rganilgan masalalar bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Kengashining Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter