Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana QQS haqida. Zafar Hoshimovdan misol orqali tahlil

Yana QQS haqida. Zafar Hoshimovdan misol orqali tahlil

Tadbirkor, «Korzinka.uz» tarmog‘i rahbari Zafar Hoshimov yana qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) masalasiga to‘xtaldi. Uning qayd etishicha, QQS joriy etilishi narxlarning ko‘tarilishiga ta’sir etmasligi borasida yozgan maqolasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan. 

Aksariyat mushtariylar va izoh qoldirgan foydalanuvchilarimiz o‘zlaridagi mantiqqa tayanib, ichki ovozlariga quloq tutgan holda hanuzgacha «qo‘shilgan qiymat solig‘i qanaqasiga mahsulot narxini ko‘tarmasligi mumkin?», degan savol berishmoqda. Mantiqlari esa oddiy: korxonalar shu vaqtgacha QQS to‘lamasdan, endi birdaniga to‘lashga o‘tishdi. 20% soliq narxlarni oshirib, xaridorlarning cho‘ntagidan olinmasa, yana qayerdan ham kelardi, deb fikr yuritishmoqda.

Postlarim ostida qoldirilgan izohdardan biri e’tiborimni tortdi. U taxminan quyidagicha edi: «Aytaylik, choy 5000 so‘m edi. Endi siz undan 834 so‘m QQS to‘laysiz. Ishonchim komilki, siz ushbu soliqni narxga qo‘shasiz va choyning narxi 6000 so‘m bo‘ladi».

Birinchidan, agar narxning ustiga shunchaki 20% qo‘shib sotishning imkoni bo‘lganida edi, choyning narxi allaqachon 6000 so‘mga aylanar edi. Bir narsani tushunishingizni istar edim: mahsulotga qo‘yilgan narx tadbirkor istagan miqdorda bo‘lmaydi. Istalgan tadbirkor maksimal darajada foyda olishni ko‘zlaydi, bu biznesga xos xususiyat. Biroq bozor uni chegaralab turadi. 

Mahsulot narxi, hatto tadbirkor uni sotib oladigan narxiga ham bog‘liq emas. Narx — xaridor biror mahsulot uchun to‘lashga tayyor bo‘lgan qiymat sanaladi.

Demak, agar peshtaxtadagi choy 5000 so‘m bo‘lsa, bu sotuvchi undan yanada ko‘proq daromad qilishni istamagan, degani emas. Balki xaridor choy uchun ana shu narxdan ko‘proq to‘lashga tayyor emas, chunki talab va bozordagi taklif muvozanati shuni taqozo qiladi, deganidir.

Shu joyda bozor iqtisodiyoti nazariyasining narx nazariyasi, talab va takliflarning mos kelishi kabi fundamental, lekin o‘quvchilar uchun abstrakt bo‘lgan tushunchalaridan aniq misollarga yo‘nalsak. 

Misol uchun, nima sababdan choy narxi nafaqat oshmaydi, hattoki tushishi ham mumkin?, degan savolga quyidagi misol orqali javob olishingiz mumkin.

Qutisi 5000 so‘m bo‘lgan choy misoliga qaytamiz.

O‘sha 5000 so‘m narxida qanday soliqlar bo‘lgan? Keling, shuni bir tahlil qilsak. QQS 1 yanvardan paydo bo‘lib qolgani yo‘q, u doim «parda ortida» bo‘lsa-da, «yashab kelgan». 

Aytaylik, o‘sha choy import qilingan. Shu tarzda, so‘mga chaqqanda importda 3000 so‘m bo‘lgan choyga 600 so‘mlik QQS solingan. Importchi-savdo korxonasi choyni endi 3600 so‘mlik tannarxda olib, biz-chakanachilarga 4200 so‘mdan sotgan. Bunda importchi barcha narxdan 5% yoki 210 so‘m umumiy soliq to‘lagan. E’tibor bering, mahsulot narxidagi soliq miqdori 810 so‘m bo‘ldi. Endi biz choyni xaridorlarga 5000 so‘mga sotganimizda umumiy 4% yoki 200 so‘m soliq to‘laganmiz. Demak, o‘tgan yilning oxirigacha o‘sha 5000 so‘mlik choyda birgalikda qo‘shganda 1010 so‘m soliq bo‘lgan. Jarayonga qo‘shilgan sirtqi QQS tufayli «zanjir»ning barcha qatnashchilari endi birgalikda faqat 20% QQS to‘laydi, mahsulotdagi butun boshli soliq esa 1010 so‘mdan 834 so‘mga tushadi. 

Endi sizlarga bir savol bersam, mana shunday soliq yuki kamaygan holatda narx qanday qilib o‘sishi mumkin?

Yana bir savol, chakana savdo sohasidagi shuncha yillik tajribam bilan narxlarning o‘sishiga sababchi bo‘ladigan soliq tizimini himoya qilar edimmi? 

Albatta yo‘q. Axir buning ortidan kelib chiqadigan savdo va iste’molning kamayishi aylanma mablag‘larimiz va daromadlarimizning ham qisqarishiga olib kelar ediku. 

Mazkur islohotlardan kutgan umid va ishonchlarimiz aynan mahsulot narxi tarkibidagi soliq yukining kamayishiga bog‘liq edi. 

Yangi qarorlar kuchga kirishidan avvalroq barcha mahsulot, tovarlar bo‘yicha batafsil tahlil o‘tkazganmiz. O‘shanda, mahsulotlar narxidagi barcha soliqlarning o‘rtacha me’yori, birgalikda olganda 23%dan ko‘proq edi. Iste’molchilar esa yuqorida choy bilan bog‘liq misolga o‘xshab, bundan bexabar holda har bir xarid vaqtida shuncha soliq to‘lashgan. Yangi islohotlar esa birgalikdagi ana shu soliq qiymatini 16,67% gacha kamaytirishga imkon beradi. Alal-oqibat, bu chakana turdagi savdoga ixtisoslashgan do‘konlar peshtaxtalaridagi bir qator mahsulotlarning narxi tushishiga ham olib keladi. 

Aynan shuning uchun ham biz o‘zgarishlar uchun bor kuchimiz bilan kurashmoqdamiz. 

Birin-ketin ayni mavzuda turkum maqolalar yozishimdan ko‘zlangan asosiy maqsadim, iste’molchilar va avvalo tadbirkorlarga yangiliklarning asl mohiyatini yetkazishdan iborat.

Shu o‘rinda, o‘tkazilgan chora-tadbirlarning barcha yo‘nalishlaridan ham ko‘nglim to‘ldi, deb ayta olmayman.

Soliq tizimidagi kamchiliklardan biri sifatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida QQS va hisob imkoniyatining yo‘qligini e’tirof qilishim lozim. 

Aynan shu sababdan ham hukumat narxlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun QQS joriy etilmaydigan 8 xil turdagi mahsulotlar: go‘sht, tuxum, baliq, kartoshka, piyoz, shakar, non mahsulotlari ro‘yxatini e’lon qildi. Lekin mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari faqatgina shu ro‘yxat bilan cheklanib qolmaydiku. Ya’ni, ushbu toifalarda QQS yo‘qligi xarid jarayonida amalda sabzavotlar, mevalar va sut mahsulotlarining narxi oshishiga olib keladi. Shu o‘rinda, qishloq xo‘jaligi sohasida ham QQS amaliyoti joriy etilishi a’lo yechim bo‘lar edi. Hozirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari o‘zlari sotib olayotgan xom-ashyo va materiallar tarkibida ko‘p QQS to‘lashadi, ammo sotishda ushbu to‘lovlarni hisobga ola olishmaydi va butun boshli ana shu soliqni tannarxga kiritishadi. 

Biroq, ana shu kamchiliklarga qaramasdan, avvalgi soliq tizimi kim tomonidan o‘ylab topilgani, yaratilgani va qo‘llab-quvvatlanganidan qat’iy nazar shunchalik ziyonli va oxiri yo‘q ediki, u bir vaqtda narxlarimizga og‘ir bir yukdek yotib olgan hamda iqtisodiyotimiz taraqqiyotini to‘xtatib qo‘yish orqali ishsizlikka aybdor bo‘lgan, har qanday o‘sishni jazolagan. 

Shuning uchun, avvalgi tizim bilan taqqoslaganda yangi soliq tizimi barcha kamchiliklari bilan ham ancha yaxshi hisoblanadi. 

Yana bir savol bersam: Soliq islohotidan so‘ng narxlar o‘sishi mumkinmi? Albatta. Agar narxlarning o‘sishi faqat soliq islohotlariga qarab qolganida o‘tgan 27 yilda narxlar qat’iy barqaror qolar edi. 

Bu yerda nimani ta’kidlamoqchiman? Yangi soliq tizimi birinchi galda narxlarning o‘sishiga emas, balki hattoki ayrim o‘rinlarda soliq yuki kamayishi hisobiga ularning tushishiga ham olib kelishi mumkin. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring