«Uzcard» ishlamay qolsa, endi kamida 1 mlrd. jarima to‘laydi
O‘zbekistondagi to‘lov tizimlari faoliyatidagi uzilishlar uchun Markaziy bank eng kam ish haqining 5000 baravarigacha (1 mlrd. so‘m) jarima solishi mumkin.
Taklif etilayotgan «To‘lovlar va to‘lov tizimlari» qonuni loyihasiga ko‘ra, agarda to‘lov tizimining nosozligi uzluksiz to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishiga ta’sir ko‘rsatsa, Markaziy bank quyidagi jarimalarni qo‘llashi mumkin:
- operatorga belgilangan muddatda nosozlikning oldini olish buyrug‘ini yuborish;
- eng kam ish haqining 5000 barobarigacha jarima solish;
- olti oygacha ba’zi operatsiyalarni amalga oshirishni cheklash;
- uch oygacha litsenziyani to‘xtatib qo‘yish.
Ayni damda, O‘zbekistonda «Uzcard» milliy to‘lov tizimi faoliyat yuritmoqda. 15-sentyabr kuni to‘lov tizimida nosozliklar yuzaga kelgandi. Natijada 3 kun davomida O‘zbekiston bo‘yicha barcha plastik kartalar va terminallar ishlamagandi.
19-sentyabrda esa prezident «Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki huzurida Milliy banklararo protsessing markazi yaratiladi va barcha protsessing xizmatlari ushbu markaz orqali amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, qarorda Markaziy bankka milliy to‘lov tizimini yaratish topshirig‘i berildi. Yangi to‘lov tizimi «Humo» nomini oldi va u 2019-yil yanvar-fevral oylarida ishga tushadi.
Yangi to‘lov tizimi uchun to‘lov terminallari hamda bankomatlar sotib olishni Markaziy bank o‘z zimmasiga olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter