Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Ozarbayjon bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

UzAuto Ozarbayjon bilan hamkorlikni kengaytirmoqda

2022 yilning 26 avgustida Ozarbayjonning Boku shahrida «Oʻzavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov, Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Somed Basherli hamda «GM International» global xaridlar va ta’minot zanjiri vitse-prezidenti Jonni Soldana o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibida avtomobilsozlik sohasidagi O‘zbekiston-Ozarbayjon hamkorligining bugungi kundagi holati va uni keyinchalik yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlarning chiqishlarida O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi oliy darajadagi yaqin va ishonchli muloqotga asoslangan do‘stona va sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dinamikasiga yuqori baho berildi. Joriy yil iyun oyida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga Davlat tashrifi davlatlararo hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha turtki bergani alohida qayd etildi.

Xususan, Ozarbayjonda avtomobillarning chuqur lokalizatsiyasini o‘rganish bo‘yicha «Oʻzavtosanoat» AJ va Ozarbayjon Respublikasi avtomobil ishlab chiqaruvchilari Assotsiatsiyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi. Ozarbayjonda UzAuto avtomobillarini yirik uzelli yig‘ish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tomonlarning muvaffaqiyatli hamkorligi natijasida joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 12 baravar oshdi. Ishlab chiqarish hajmining o‘sishi tabiiyki chuqur lokalizatsiya bilan zamonaviy yuqori texnologiyali to‘liq siklli (CKD) metod bo‘yicha avtomobil ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishga o‘zaro qiziqishga olib keldi.

Tomonlar avtomobilsozlik sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikka to‘xtalar ekan, ushbu yo‘nalishdagi ijobiy trendlarni mamnuniyat bilan qayd etishdi. 2021 yil sentabr oyida Ozarbayjonning Hajigabul shahrida foydalanishga topshirilgan «UzAuto Motors» AJ va «SamAvto» MChJ QK ishlab chiqarish liniyasi faoliyatidagi yutuqlarni misol qilib keltirish mumkin.

Shu bilan birga, avtomobilsozlik sohasida hali amalga oshirilmagan mavjud salohiyat haqida umumiy fikr bildirildi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki bozorda sotishdan tashqari, 2020 yilda Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan erkin savdo shartnomasi tufayli UzAuto ozarbayjonlik sheriklari bilan birgalikda Turkiya bozoriga avtomobil eksportini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring