UzAuto mashinasozlikni rivojlantirish rejalarini taqdim qildi
«O‘zavtosanoat» AJ boshqaruv raisi Shavkat Umurzakov Prezident Shavkat Mirziyoyevga qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klassterini rivojlantirishning taqdimoti bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi qaroriga muvofiq, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va sotib olishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tizim yaratilgan edi. Bu o‘z natijalarini berib, fermer va dehqonlar kerakli texnikalarga ega bo‘lmoqda. Jumladan, shu yil birinchi chorakning o‘zida 1 ming 600 ta texnika uchun 23 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Modernizatsiya natijasida 2021 yilda traktorlar tannarxi 4 ming 600 dollarga arzonlashtirilgan. Ayni paytda, ilgari zarar bilan ishlagan tarmoq korxonalari foydaga chiqqan.
Sohani sanoat klasteri usulida rivojlantirish maqsadida Chirchiqda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri tashkil etilmoqda. Bugungi kunda u yerga sobiq «Texnolog» va «Agregat» zavodlari uskunalari to‘liq ko‘chirilgan.
Taqdimotda shunday ishlar va navbatdagi rejalar ko‘rib chiqildi.
«Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi – katta va muhim tarmoq. Bu hosildorlik yuqoriligi, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masala. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, sifat va xizmat nuqtai-nazaridan hali qilinadigan ishlar ko‘p», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu ishlarni tizimli olib borish uchun Bosh vazir rahbarligida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi masalalari bo‘yicha komissiya tuzilishi belgilandi.
Avvalo, Chirchiqdagi klasterga ko‘chirilgan quvvatlar negizida kul’tivator, seyalka, kosilka, chizel, borona ishlab chiqarishni boshlash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Toshkent traktor zavodini ham ko‘chirib, klasterni 2023 yil yanvardan to‘liq ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Ungacha agroklasterlar va fermerlar talabini o‘rganib, aniq buyurtmalarni shakllantirish muhimligi aytildi.
Bugungi kunda yerni lazer orqali tekislash texnikalariga talab yuqori. Shu bois, mutasaddilarga shunday texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Eskirgan traktorlardan to‘liq voz kechib, yangi milliy traktor modelini yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Paxtani kombaynda terish ulushi joriy yilda 35 foizga, 2023 yilda esa 50 foizga yetkazilishi qayd etildi.
Yil yakunigacha Andijonda metall quyish zavodini ishga tushirish va 90 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirib, texnikalar tannarxini kamida 12 foizga kamaytirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Dehqon va fermerlarni o‘ylantiradigan masalalardan yana biri – texnika buzilsa, uni tuzatish, ehtiyot qismlar topish va ta’mirlash. Shu bois Prezidentimiz mashinasozlikda savdo va servis xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha yaxlit tizim yaratish, 14 ta hududda servis markazi va 100 ta mobil guruhlar tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Yangi texnikalar, umuman, qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyasi mutaxassislarini o‘qitish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida hukumat qarorlariga muvofiq «Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi», «Toshkent agregat zavodi», «Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi», «Uz Claas Agro» va «Texnolog» AJ ustav kapitalidagi davlat ulushlari «O‘zavtosanoat» AJ ishonchli boshqaruviga o‘tkazilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter