Turkiyaga 70-yillarda 300 ming sayyoh kelgan. Qanday qilib sayyohlar oqimi 52 millionga yetdi?
Toshkentda «O‘zbekistonda turizm hududlarini rejalashtirish va Turkiya tajribasi» amaliy seminari o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining Investitsiyalar va amalga oshirish Bosh boshqarmasi mutasaddilari, Turkiya Mustaqil me’morlar uyushmasi rahbariyati ishtirok etishdi.
Tadbirda turkiyalik maslahatchi Sodiq Badak «O‘zbekistonda turizm hududlarini rejalashtirish va tematik turizm shaharchasi namunasi» mavzusida taqdimot qildi.
«O‘zbekistonda madaniy, gastronomik, tibbiyot, eko, agroturizm va turizmning boshqa turlarini rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Shuni alohida ta’kidlash joizki, sayyohlar e’tiborini tortishda tematika muhim ahamiyat kasb etadi. Biz turizm hududlarini rivojlantirish uchun ularga muayyan mavzularni yuklashimiz kerak bo‘ladi. Mazkur loyihamizda o‘zbek xalqining uzoq yillik tarixi, madaniyati, etnografiyasi, an’ana va qadriyatlarini o‘zida aks ettiruvchi tematik turizm shaharchasi g‘oyasini ilgari surdik», — dedi Sodiq Badak.
Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshlig‘i Taner Piri va bo‘lim boshlig‘i Mustafo O‘zdemir vazirlikning turizm hududlarini rejalashtirish va investorlar uchun yer maydonlarini ajratish faoliyati bo‘yicha taqdimot qilishdi hamda Turkiyaning turizm sohasida erishgan yutuqlariga to‘xtalib o‘tishdi. «Turkiya o‘tgan asrning 70-yillari oxirida 300 ming sayyoh qabul qila olgan edi. O‘sha Turkiya bilan 2019 yilda qariyb 52 million sayyohga yuqori darajali xizmat ko‘rsata olgan Turkiya o‘rtasida 40 yillik tajriba bor. Bu tajriba zamirida to‘g‘ri rejlashtirish va loyihalashtirish konsepsiyasi yotadi. Turizm hamma joyda ham rivojlanavermaydi – eng avvalo, turizm salohiyatiga ega bo‘lgan hududni to‘g‘ri tanlay bilish lozim. Shunchaki, shaharning bir chetida mehmonxona qurish, restoran ochish yoki savdo shoxobchasi barpo etish bilan turizm rivojlanib qolmaydi. Konsepsiyasi va reja-loyihasi ishlab chiqilgan hududlardagina kompleks turistik xizmat madaniyati shakllanadi”, — deya ta’kidladi Taner Piri.
Turkiyalik yana bir mutaxassis O‘nder Kayaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda turizm sohasida ulkan imkoniyatlar eshigining ochilishi ko‘plab yangi turizm loyihalariga yo‘l ochadi. «Biz bunga shunchaki biznes yoki daromad manbai sifatida qaramoqchi emasmiz, uzoq muddatli, keng qamrovli hamkorlik imkoniyatlarini ko‘ryapmiz. Shu bois loyihalar ishlab chiqish bilan cheklanmasdan, ularning xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlashda O‘zbekistonning yosh, bilimdon va izlanuvchan yoshlarining malaka oshirishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni taklif etmoqchimiz. O‘zbekiston diyori muhtasham tarixiy obidalar, rejasi pishiq ishlangan shaharlarga boy. Demak, bu mamlakatda me’morchilik, rejalashtirish va loyihalashtirish sohasida ulkan tajriba mavjud. Ushbu ko‘p asrlik tajribani zamonaviy turizm ob’yektlarini barpo etishga yo‘naltira olsak, ulkan muvaffaqiyatlarga erishishimizga shubham yo‘q», — dedi u.
Bundan tashqari, Gunesh Go‘kchek, Mustafo O‘zdemir va Erkan Kacharlar ham sohani rivojlantirishga doir qiziqarli taqdimotlari bilan qatnashishdi. Seminarning ikkinchi kunida Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi xodimlari tomonidan loyihalashtirilayotgan turizm zonalari joyiga borib o‘rganildi. Toshkent viloyatidagi turizm zonalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar turkiyalik mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi. Tadbir yakuniga ko‘ra, turkiyalik ekspertlar bilan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.
Manba: uzbektourism.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter