Turkiy kengashga a’zo davlatlar transport vazirlari videokonferensiya shaklida yig‘ilish o‘tkazdi
Bugun, 30 aprel kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar va Vengriya transport vazirlari videokonferensiya aloqa shaklida yig‘ilish o‘tkazdi.
Majlis Ozarbayjon transport, aloqa va yuqori texnologiyalar vaziri Ramin Guluzoda, O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev, Turkiya transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailog‘lu, Qozog‘iston sanoat va infratuzilmaviy rivojlanish vaziri Beybut Atamkulov, Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov, Vengriya Innovatsiya va texnologiyalar vazirligidagi transport siyosati bo‘yicha davlat vaziri Laslo Mosochining onlayn muloqoti bilan boshlandi. Muzokaralarda Turkiy kengash bosh kotibi Bag‘dat Amreyev ham ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengashning 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari video-sammitida pandemiya sabab yuzaga kelgan hozirgi g‘oyat murakkab sharoitda qardosh xalqlarimizni zarur mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida transport vositalarining o‘zaro harakatlanishiga amaliy yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etgan edi. Davlatimiz rahbari bu kabi maqsadlarni amalga oshirishda transport vazirlaridan iborat Ishchi guruhini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Qisqa fursatlarda Turkiy kengash Kotibiyati bilan hamkorlikda ushbu videokonferensiyani tashkil qilish masalalari ishlab chiqildi.
Tomonlar birlamchi zarur mahsulotlar hisoblangan oziq-ovqat va meva-sabzavot, dori-darmon, tibbiyot vositalar va asbob-uskunalarning mamlakatlararo uzluksiz yetkazib berilishini ta’minlash, COVID-19 pandemiyasi davrida Transkaspiy yo‘lagi orqali yuk yetkazib berish zanjirining uzilishlarsiz faoliyat yuritishini tashkil qilish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muloqot doirasida transportning barcha turlarida o‘zaro amaliyotlarni bajarishning joriy holati, koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan milliy qarorlar sababli yuk tashish sohasida kuzatilayotgan muammolarga yechim topish yo‘llari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdan tashqari video-sammitida transport aloqalari, tranzit, chegaralar orqali yuk tashishda muvofiqlashgan faoliyatni tashkil qilish yo‘nalishida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga joriy qilish bo‘yicha tomonlar fikrlari tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri Elyor G‘aniyev pandemiya sharoitida temir yo‘l transportida yuk tashishni yanada faollashtirishning maqsadga muvofiq ekanini qayd etdi. Yuklarni tashish bo‘yicha dastlabki ma’lumot almashish bilan bog‘liq muammolarni tezkor hal etishda har tomonlama yordam ko‘rsatish uchun vazirliklar ishtirokida qo‘shma ishchi guruh tuzish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, mamlakatlarimizda pandemiya bilan bog‘liq turli vaziyat hukm surayotganini inobatga olgan holda, tashqi savdoda bevosita aloqaga kirishishning oldini oluvchi o‘zaro uyg‘un yuk tashishlarni amalga oshirish zarurligini bildirdi.
– Ushbu maqsadlar uchun Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yevropa multimodal transport yo‘lagidan birgalikda foydalanishni faollashtirish kerak, – dedi E.G‘aniyev. – Bunda Turkiya tomonining ham ushbu jarayonda ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.
Pandemiya paytida Transkaspiy yo‘lagi orqali mahsulot yetkazib berishda cheklov va to‘sqinliksiz harakatlanishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan amaliy choralar muhokama qilindi.
Xususan, kvotalar, tranzit bojlari, haydovchilik vizalarini taqdim etish orqali tomonlarning o‘zaro yordam ko‘rsatish imkoniyatlari, Kaspiy dengizi orqali (Ro-Ro yo‘nalishi) yuk tashish narxlarida chegirmalar berish, zarur hollarda qo‘shimcha (ikki tomonlama/tranzit) ruxsatnomalarini taqdim etish va o‘zaro kelishuv asosida tranzit uchun to‘lovlarni bekor qilish jarayoni ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, gumanitar yuklar, asosiy iste’mol tovarlari, dori-darmon va tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha yuk tashish transport vositalarining chegara o‘tkazish punktlari orqali harakatlanishiga ko‘maklashish hamda sohada paydo bo‘lgan muammolar to‘g‘risida ma’lumot almashildi.
Davlat rahbarlarining 2019 yil 15 oktyabr kuni Boku shahrida bo‘lib o‘tgan kengash sammiti yakunlari bo‘yicha erishgan kelishuvlari ijrosi va transport-logistika ishini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha Turkiy kengash Kotibiyati olib borgan amaliy qadamlar o‘rganildi.
Tadbir so‘ngida pandemiyadan so‘ng o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash imkonini beruvchi takliflar ishlab chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, tashkilot doirasida transport vazirlarining joriy ilk yig‘ilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdan tashqari sammitida ilgari surgan taklifi asosida o‘tkazilgan ikkinchi muhim videoanjumandir. Bundan oldin Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar sog‘liqni saqlash vazirlari ham videokonferensiya shaklida muloqot qilib, pandemiya sharoitida o‘zaro muvofiq faoliyat yuritish masalalari haqida maslahatlashuvlar olib borishgan edi.
Manba: «Dunyo» AA
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter