Toshkentdagi yo‘l o‘tkazgich qiymati 1 yil o‘tmasdan 2 barobarga oshdi
Tendersiz buyurtmalar va ofshorga pul haydash – bular o‘zaro bog‘liq, deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holatni izohlar ekan.
Uning qayd etishicha, 27 mln.dollarlik yo‘l o‘tkazgich qiymati 1 yil o‘tmasdan 2 barobar oshib 49 mln. dollarga yetgan. Pudratchi tendersiz tanlab olingan. Loyihalash qurilish bilan birga davom etgan.
«Shunday bir holatda yo‘l o‘tkazgich qiymati oshmay, nima bo‘lsin yana. Tender yo‘qmi, qurilish boshlanguncha tasdiqlangan loyiha yo‘qmi, avval boshidan qip-qizil pul o‘zlashtirish manbai. Albatta pudratchi o‘zi shishirilgan loyiha qiymatini yana shishirishga harakat qilaveradi. Buni 3-sinf bolasi ham biladi», – deb yozadi u va davom etadi. – «Darvoqe, yo‘qdan bor, bordan yo‘q bo‘lmaydi. Shunaqa shishirilgan loyihalar ko‘paygani singari ofshorga pul haydash ko‘payyaveradi. Axir o‘zlashtirilgan pullarni qayerdadir joylashtirish va keyin bo‘lishish kerakku. Ertaga baribir qusishga to‘g‘ri kelishini, O‘zbekistonda yig‘ilgan va qolgan pul va mulklar musodara bo‘lishini juda yaxshi bilishadi. Yaqin o‘tmishda Gulnora Karimova misoli amaldagi o‘g‘rilarimizning shundoq ko‘z o‘ngida turipti. Chetga olib chiqib olganigina o‘ziniki».
Bakirovning qayd etishicha, o‘tgan 4 oyda offshor hududlarga pul o‘tkazish orqali O‘zbekiston korxonalari 103 mln dollarlik mahsulotni import qilganlar. Mablag‘ning asosiy qismi Toshkentga to‘g‘ri keladi — 33 mln dollar. Bu davlat va davlat nazorati ostidagi tuzilmalar orqali qayd etilganlari. Fe’lan xususiy, lekin yuqoridagi kabi davlat buyurtmalarini emishga ixtisoslashganlar miqyosida olinsa bu summa karrasiga yuqori.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter