Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tank bilan pashshani otyapmiz. Qarang nima bo‘lyapti?» — iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov (video)

Joriy yilning 3-4 noyabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu forumda Jahon banki, Osiyo Taraqqiyot banki va xorijdan kelgan yuzga yaqin investorlar ishtirok etdi.

Xo‘sh, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima edi? Forum davomida nimalarga erishildi? Xabar.uz muxbiri shu va shunga o‘xshash savollarga javob olish uchun iqtisodiy tahlilchi Abdulla Abduqodirov bilan suhbatlashdi.

– Iqtisodiy forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima edi-yu, nimalarga erishildi?

– Bunday iqtisodiy forumda xalqaro moliya tashkilotlariga O‘zbekistonning iqtisodiy statusi va iqtisodiy barqarorligi haqida gapiriladi. Chunki xalqaro moliya jamg‘armalari uchun eng muhimi – iqtisodiyotimiz salohiyatining tushmasligi, berilgan qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish va ularning ijrosini bo‘yicha kerakli statistika ma’lumotlarni olish. Albatta, bu ma’lumotlarni internet orqali olsa ham bo‘ladi. Lekin o‘zaro muloqotda keng ommaga gapirilmaydigan gaplar aytiladi. Shuning uchun ham xalqaro moliya institutlarining vakillari O‘zbekistonga kelib, forum doirasida bizni vazirlarimiz bilan gaplashib, umumiy tushunchalarni to‘g‘ri ekanligini kelishib olishadi. Ya’ni, soatlarimiz bir-biriga to‘g‘ri yurayotganini tekshirib olishadi. Nimaga erishilganligini vaqt ko‘rsatadi.

Meni hayratga qoldirgan narsa – bundan buncha qarz oldik, bundan buncha qarz oldik deb maqtanganimiz bo‘ldi. Bizni ongimiz o‘zgargan. Biz qancha qarz olganimiz bilan maqtanyapmiz, qarzni qaytarganimizdan emas. Bu noto‘g‘ri dunyoqarash.

– Iqtisodiy forum oldingi yili ham tashkil etilgan edi. Oradan bir yil o‘tib yana tashkil etildi. Nima uchun ko‘p forumlar va tadbirlar tashkil etyapmiz?

– Dunyo bozorida iqtisodiyotga investorlarni jalb qilish uchun juda katta raqobat bor. Har bitta mamlakat bu investorlarni jalb qilishga harakat qiladi. Har bitta investor mamlakatda yaratilgan sharoit, tikilgan investitsiyalarning qaytib kelishi va olingan daromadni taqsimlash bo‘yicha o‘ziga savollar beradi. Shuning uchun bunday forumlarni o‘tkazish katta ahamiyatga ega. Samarqanddagi forumning asosiy maqsadi iqtisodiyotimizning stabil rivojlanishini ko‘rsatish edi. Menimcha, bunga erisha olmadik, lekin ochiq muloqot bo‘lgani ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, Moliya vaziri Temur Ishmetovning mavjud moliyaviy muammolarni ochiq-oydin gapirib bergani juda yaxshi bo‘ldi. Chunki ochiqlik barcha uchun muhim.

Forum doirasida O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetov o‘z nutqida shunday dedi: «Hozir inflyasiyani ushlab turish biz uchun asosiy masala bo‘lishi kerak. Aks holda infratuzilmani davlat budjetidan moliyalashtira olmay qolamiz. Barcha xarajatlarimizni kamaytirishimiz va xususiy mablag‘larni ko‘proq jalb qilishimiz kerak». Moliya vaziri to‘g‘ri masalalarni ko‘tardimi?

– Moliya vazirimiz iqtisodiyotimiz haqida ko‘proq ma’lumotga ega. Men bu masalada o‘z fikrimni aytishim mumkin. Biz inflyasiya jilovlash emas, iqtisodiy o‘sishni mo‘ljalga olishimiz kerak. Bu ikkita moliyaviy konsepsiya orasida katta farq bor. Agar sizning qo‘lingizda 1000 so‘m pul bo‘lsa, lekin bozorga tushib xarajat qilishingizga 5000 so‘m ketsa, bozorda narx-navo o‘sishi natijasida siz olishingiz kerak bo‘lgan narsa 5500 so‘m bo‘ldimi, 6000 so‘m bo‘ldimi sizga katta farqi yo‘q. Sizning vazifangiz 1000 so‘mni, 6000 ming so‘mga olib chiqish. Ya’ni, cho‘ntakdagi pulni ko‘paytirish. Eng birinchi masala shu bo‘lishi kerak, Shuning uchun ko‘proq xalqqa pul ishlab topish imkoniyatlarini yaratib berishimiz lozim. Bu haqida o‘ylash yo‘q-da, inflyasiyani jilovlash haqida o‘ylayapmiz. Bu noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat. Buni orqasida asosan nima turibdi? Biz o‘zimizcha, bizga kredit bergan xalqaro moliya institutlarini tinchlantirmoqchimiz. Buni natijasida biz asosiy e’tiborni chet eldan keladigan pullarga qaratyapmiz. Lekin o‘zimizdagi ichki potensialdan butunlay foydalanmayapmiz. Ichki potensialni rivojlantirish uchun uni rag‘batlantirish zarur. Buni Moliya vazirligi ham, Markaziy bank ham juda yaxshi biladi.

Moliya vaziri Temur Ishmetovning gapirgan gaplaridan bitta narsani aytib berishim mumkin. Davlat budjeti o‘sib boryapti, deb aytildi. Inflyasiya o‘sishining tarkibiy holati bor. Chunki 2020 yilda pandemiya, 2021 yilda Covid-19ga qarshi kurash bo‘ldi. Mana hozir Rossiya-Ukraina o‘rtasida urush bo‘lib turibdi. Bunaqa holatlar butun dunyo iqtisodiyoti uchun permanent hol hisoblanadi. Bunday vaziyatda inflyasiya bilan kurashishning umuman iloji yo‘q. Sababi, inflyasiyaning tabiati noinflyasion tabiat. Bizni qilayotgan ish asosan iqtisodiyotda pul hajmini kamaytirishga qaratilgan. Ya’ni, nomonetar sabablarga ega bo‘lgan inflyasiyani biz monetar yo‘llar bilan kamaytirishga harakat qilyapmiz. Bu bilan biz tank bilan pashshani otyapmiz. Qarang nima bo‘lyapti? Iqtisod orqaga ketayapti, chunki aylanmada bo‘lgan moliyaviy mablag‘larning hajmi kamayib bormoqda. Moliyaviy mablag‘lar iqtisodni qoni hisoblanadi. Qoni kamayganidan keyin, iqtisodiyotni hajmi kichrayib boraveradi.

– Forum davomida Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov moderatorning aniq savoliga «sizni boshqa (forumga) chaqirmaymiz.... Mendan osonroq savol so‘rasangiz bo‘lmaydimi? Qaysi yili tug‘ilganim, qaysi universitetni tugatganim haqida» deya vaziyatdan hazil bilan chiqib ketishga uringanini ko‘rish mumkin. Hukumat mulozimi mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega masalaga yuzaki javob berishi qanchalik to‘g‘ri?

– Menimcha, bunday iqtisodiy forumlarda bugungi kunda iqtisodiyotimizda ahvol qanday ekanligi, muammolarimiz qandayligi, bu muammolarni qanday yechish kerakligi haqida gapirish kerak edi. Bu savolga aniq javob berilmaganligi achinarli holat bo‘ldi. Aniq bir rejani aytish zarur edi. Qo‘chqorov hazilidan keyin «xudo xohlasa yalpi ichki mahsulotimiz 100 milliard dollarga yetadi», dedi. Nimani hisobiga erishiladi? Bunga javob yo‘q. Bularni gapirish kerak edi.

Moliya vaziri Temur Ishmetovning gaplaridan yana bitta xulosa qilsak bo‘ladi. Infrastruktura tuzilmalarida asosiy kapital mablag‘lari orqada qolmoqda. Bu juda achinarli hol. Infrastruktura – bu gaz, suv, elektr energiya ta’minoti, yo‘l qurilishi. Bizda, ayniqsa, energetikada generatsiya qobiliyati kamayib bormoqda. Uni kompensatsiya qilish yo‘llari haqida hech kim gapirgani yo‘q. Agar forum o‘tkazishdan oldin Ishmetov, Qo‘chqorov va Nurmurodov piar kompaniyalari bilan kelishib, reja tuzib olganida edi, bunday sharmandagarchilik bo‘lmasdi.

– Bu sharmandagarchilikmi?

– Men uchun sharmandagarchilik. Chunki bizda katta imkoniyat bor edi. Buni yaratish uchun pul sarflab, bu imkoniyatdan foydalanmadik.

Bilasizmi, xorijiy investor bo‘rttirilgan kutib olishlarni ko‘rsa, ularni g‘ashi kelib, savollari ikki barobar ko‘payib ketadi. Nimani hisobiga davlat bunchalik katta mablag‘ sarflayotganini ko‘rib, aholini turmush darajasini bilmoqchi bo‘ladi. Meni ayrim mas’ullarga murojaat qilib aytardimki, bunday katta xarajatli tadbirlarni yig‘ishtirish kerak. To‘g‘ri tushuninglar biz investorga to‘g‘ri signal berishimiz kerak. Ularga ochiq gapirishimiz zarur.

– Davlat statistika qo‘mitasi 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmida qaysi davlatning ulushi yuqori ekanligini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 21 foiz bilan Rossiya investorlari birinchi o‘rinda. Nega biz asosan Rossiya investorlarini jalb qilamiz?

– Rossiya asosan neft va gazga keladi. Bu «yog‘li» loyihalar. Bu yerda qo‘shilgan qiymat juda katta. Bir tomonda Moliya vaziri «bizda asosiy muammo infrastrukturada, infrastrukturaga pul tikaylik» deb turibdi. Rossiya tomonidan esa faqat «yog‘li» loyihalarga pul tikiladi. Rossiyadan kelayotgan loyihalar katta mablag‘ talab qiladi. Bu loyihalarning kelajagi juda mavhum, loyihalar o‘zini oqlamaydi.

Sardor Ali suhbatlashdi

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring